13-yanvar kuni soat 17:20 atrofida Jizzax viloyati Baxmal tumanida elektr ta’minoti korxonasi xodimi tok urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi IIBga xabar berib, unda tumandagi elektr ta’minoti korxonasida elektromontyor sifatida ishlovchi 47 yoshli T.U. “Oyqor” QFY “Sartyuzi” qishlog‘ida simyog‘ochga chiqqan vaqtida tok urib vafot etganini ma’lum qilgan.

Olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruvda hodisa sodir bo‘lgan joyga marhum T.U. hamkasbi bilan birga borgani aniqlangan. Ular Baxmal tumani elektr ta’minoti korxonasining “Oyqor” QFY hududiga mas’ul xodimlar bo‘lib, 13-yanvar kuni “Oyqor” QFY hududida elektr ta’minoti uzilib qolgani uchun ushbu nosoz joyni aniqlash maqsadida tekshiruv olib borayotgan bo‘lgan.

G‘allaorol tumani sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhum T.U.ning o‘limi “tananing elektr toki urishi va yonishi” oqibatida yuzaga kelgani ko‘rsatilgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.