Qozog‘iston 2023-yilda O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berish hajmini deyarli ikki barobar oshirgan, deya xabar bermoqda “Qozog‘iston temir yo‘llari” matbuot xizmati.

Qozog‘iston ko‘miri importi yil davomida 1,4 million tonnaga — 3,1 million tonnagacha oshgan (+82,3 foiz).

O‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘mir eksporti hajmi 704 ming tonnani tashkil etib, 18,2 million dollarga baholangan (2022-yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 2,5 barobar ko‘p — 275,7 ming tonna uchun 7,5 million dollar).

So‘nggi chorakda (oktabr-dekabr) O‘zbekiston deyarli 2,4 million tonna Qozog‘iston ko‘mirini import qilgan. Agar narx o‘zgarmagan bo‘lsa, unda bu 61,9 million dollarni tashkil qiladi.

Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 11 oyi davomida O‘zbekistonga ko‘mir importi 189,2 million dollarni (2022-yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobar ko‘p — 105,8 million dollar) tashkil etgan bo‘lsa, shundan taxminan 80,1 million dollari (42,3 foiz) Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yilning 10 oyi davomida Qirg‘izistondan 30,9 million dollarlik (har tonna uchun 34,6 dollar) 895,4 ming tonna ko‘mir import qilingan, bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘p — 13,5 million dollarlik (31,4 dollar) 430,8 ming tonna ko‘mir.

2022-yilda ham ko‘mir Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyadan olib kelingan. Shu bilan birga, Rossiya ko‘miri Qozog‘iston ko‘miridan 7 barobar, Qirg‘iziston ko‘miridan deyarli 10 barobar qimmatroq edi.

Iyun oyi boshida Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Iran Sharxan O‘zbekistonga energetik ko‘mir eksportini bosqichma-bosqich 25 barobardan ko‘proqqa — 12,8 million tonnagacha oshirish rejalarini ma’lum qilgan edi.

Iyul oyida Qozog‘iston O‘zbekistonga ko‘mir tashish tariflarini oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidlab, biroq ayni paytda O‘zbekistondan Afg‘onistonga un mahsulotlari tranziti uchun tariflarni kamaytirishni so‘ragan edi.

Statistika agentligi avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha statistik ma’lumotlardagi farqqa izoh bergan edi.

O‘zbekistonda 11 oy davomida ko‘mir qazib olish 5,73 million tonnaga oshgan (+19,1 foiz), ammo oldingi choraklarda qazib olish tez ko‘payganidan so‘ng, sentabr oyidan (685 ming tonna) pasayish boshlangan.

Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi.