“Gazeta.uz” Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari, tuman va shaharlar bo‘limlariga ega Mahallalar uyushmasi tashkil etilishi haqida xabar bergandi.

Prezidentning 21-dekabrdagi qarori bilan uyushma shtati, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi (5 kishi) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 667 shtat birligini qisqartirish hisobiga tashkil etilayotgani belgilandi.

Uyushmaning yana 320 ta shtat birligi “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo‘linmalari shtatlari qisqartirilishi hisobiga tashkil etilgan.

Uyushmaning markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalarining hamda tuman (shahar) bo‘limlarining tuzilmalari 982 shtat birliklari doirasida uyushma raisi tomonidan mustaqil tasdiqlanadi.

Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi mahallalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilovchi, ularning daromadlari, xarajatlari va dasturlarini tasdiqlovchi oliy organga aylanadi. Mazkur kengash, shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) kengashlari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Respublika kengashiga bosh vazir Abdulla Aripov raislik qiladi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi konferensiyasi uyushmaning yuqori organi bo‘lib, kamida uch yilda bir marta chaqiriladi.

Uyushma raisi respublika kengashining uyushma konferensiyasidagi taqdimnomasiga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Uyushmaga zarur bino va inshootlar hamda zarur texnikalar, shuningdek, avtotransport vositalari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahhb hokimliklari tomonidan ajratiladi. Ajratilgan binolarda kapital ta’mirlash va jihozlash loyihalari 2024−2026-yillarda amalga oshiriladi.

“Mahalla” uyushmasi har yili Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga o‘zining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarini hamda tizim tashkilotlarini saqlash, mahallalarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini joriy ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar hajmi bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan buyurtmani taqdim etadi. Jamoat fondi tomonidan buyurtmaga muvofiq subsidiya ajratiladi.

Mahallalar faoliyatini joriy ta’minlash (mahalla raisining ish haqi, kommunal to‘lovlar, kanselyariya mollari va boshqalar) va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi Mahalla teleradiokanali DUK mas’uliyati cheklangan jamiyat sifatida qayta tashkil etiladi va uyushma uning yagona ta’sischisi etib belgilanadi.

Avvalroq “Gazeta.uz” mamlakatdagi 9300 dan ortiq mahallani birlashtirgan uyushma oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar haqida yozgandi.

Prezident farmoni bilan “mahalla yettiligi” (sobiq “beshlik”) har bir a’zosining vazifalari belgilab berilgani haqida ham yozganmiz. Ularning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha baholanadi. Hukumatda “yettilik”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari tashkil etilishini e’lon qilar ekan, “Mahallalar — davlatimizning eng katta zamini”, degandi. “Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur”, — dedi u.