Toshkent shahar hokimligi sanitariya-gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsadida bozorlarda, jumladan, “Qo‘yliq” bozorida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Hokimlikning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bu vaqtda bozor yopiladi.

“Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Hokimlik rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini Food city, Tashkent Index va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan sharoitlarda davom ettirishi taklif qilgan. Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.

Shuningdek, “Qo‘yliq” massividan bozor hududigacha yo‘l kira haqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilingan va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratilgan.

Ta’kidlanishicha, bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlarni Food city va Tashkent Index savdo majmualarida ish bilan ta’minlanadi.

“Gazeta.uz” Toshkent hokimligiga ishlarni yakunlash muddati va rekonstruksiyani amalga oshiradigan pudratchi tashkilot haqida, shuningdek, ish nihoyasiga yetgach tadbirkorlar “Qo‘yliq” bozoriga qaytish imkoni bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida so‘rab so‘rov yubordi.

Bozor ko‘chirilishi

2021-yil dekabr oyida Toshkent hokimligi yo‘l kengaytirilishi munosabati bilan dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlari Toshkent viloyatiga, “Qo‘yliq”dan 6,5 km uzoqlikda joylashgan Food City savdo markaziga ko‘chirilishi haqida xabar bergan edi. “Gazeta.uz” “Qo‘yliq” bozorini ko‘chirish va Toshkent viloyatida yangi savdo majmuasini qurish to‘g‘risidagi qaror 2017-yildayoq qabul qilinganini yozgandi.

Bu xabarlardan so‘ng tadbirkorlar bozorning ko‘chirilishiga qarshi chiqishdi va ulardan besh nafari hibsga olingandi. Sotuvchilar 1-yanvargacha rastalarni bo‘shatib, ko‘chib o‘tishlari kerakligi haqida xatlar berilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib bozor direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev O‘zAga bozor ma’muriyati sotuvchilarga bildirishnoma tarqatmaganini ta’kidladi. “Hozircha na shahar hokimiyati, na bozor ma’muriyati bizga xabar bergani yo‘q”, — degandi u.

Bektemir tumani hokimi Tapil Maxamadziyayev ulgurji oziq-ovqat bozori bosqichma-bosqich Food city`ga o‘tishini tasdiqladi. “Mahsulotlarni Qo‘yliqdagi asfaltda sotish o‘rniga, u yerda (Food city`da) sotish yaxshiroq”, — degandi u.

2022-yil iyun oyida sobiq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent halqa yo‘lining kengaytirilishi munosabati bilan “Qo‘yliq” dehqon bozori va “Qo‘yliq” universal savdo do‘koni obyektlari joylashgan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat bergan edi.

Hokimlik hududi shahar ehtiyojlari uchun tortib olinayotgan “Qo‘yliq” bozori buzilmasligini ma’lum qildi. Avtoturargohning bir qismi va vaqtinchalik qatorlar yo‘l o‘tkazgich qurish uchun ajratiladi.