Namangan viloyati Chortoq tumaniga Sattarov Ilhomjon Rahimjanovich hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ilhomjon Sattarov 1985-yilda Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008-yilda Namangan muhandislik pedagogika instituti, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi: menejment, davlat boshqaruvi.

2008−2014-yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. 2014−2016-yillarda Chortoq tumani moliya bo‘limi mudiri. 2016−2017-yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasi daromadlarni prognozlashtirish va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i.

2017−2023-yillarda Uychi tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Namangan viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Namangan viloyati hududiy innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bilim va innovatsiyalar markazi direktori o‘rinbosari — respublika tijoratlashtirish va maslahat xizmatlari majmuasi rahbari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Mazkur tayinlov Namangan viloyati hokimining 2023-yil 29-dekabrdagi qarori bilan amalga oshirildi.

Chortoq tumani avvalgi hokimi Anvarjon Otaxodjayev Namangan shahriga hokim etib tayinlangandi.