O‘zbekistonda hududlar, shahar va tuman kengashlariga ega Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari, tuman va shaharlar bo‘limlariga ega Mahallalar uyushmasi tashkil etilmoqda.

Bu Shavkat Mirziyoyevning 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan.

Farmonda mamlakatdagi 9300 dan ortiq mahallani birlashtirgan yangi uyushmaning asosiy vazifalari belgilab berilgan:

  • mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish;
  • mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash;
  • har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;
  • fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rish;
  • “mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashish;
  • mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish;
  • mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan budjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash;
  • mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablag‘larni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish.

Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashiga bosh vazir, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlariga tegishlicha Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi va hokimlar raislik qiladi.

Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Uyushmaning Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosariga, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari tashkil etilishini e’lon qilar ekan, “Mahallalar — davlatimizning eng katta zamini”, degandi. “Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur”, — dedi u.

Farmonda 2024-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning barcha viloyat va shaharlarida “Mahalla budjeti” tizimi joriy etilishi belgilandi. U ilk bor 2023-yilda hududlarning bittadan tumanida joriy etilgan.

Yangi tizim doirasida har bir mahallada mavjud bo‘lgan “Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi”ga quyidagi mablag‘lar ajratiladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning (noturar joylar bo‘yicha undiriladigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bundan mustasno) 10 foizi;
  • mahalla idoralari orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yig‘imning 10 foizi;
  • mahalladagi hududi 2000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini hokimi yordamchisi onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda;
  • mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar;
  • Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadigan boshqa mablag‘lar.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘larini qayta taqsimlagan holda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda ortda qolayotgan mahallalarga yo‘naltirishi mumkin.

Avvalroq xuddi shu farmonda “mahalla yettiligi” (avvalgi “beshlik”) a’zolarining har birining vazifalari belgilab berilgani haqida yozgandik. Ularning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha baholanadi. Hukumatda “yettilik”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi.