“Gazprom” kompaniyasi kuchli sovuq fonida O‘zbekiston tomonining so‘roviga asosan mamlakatga Rossiya gazini yetkazib berish hajmini oshirdi. Bu haqda 26-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yetkazib berish hajmi “imzolangan shartnoma bo‘yicha kunlik majburiyatlar”dan ikki baravar ko‘p va “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz transport tizimining maksimal o‘tkazish imkoniyati miqdoriga yetgan.

“Dekabr oyida O‘zbekistonga ham sovuqlar keldi va o‘zbekistonlik do‘stlarimiz, hamkasblarimiz O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini imzolangan shartnoma bo‘yicha kunlik majburiyatlarimizdan ikki barobar oshirishni so‘rashdi. Ayni paytda dekabr oyida biz O‘zbekistonga „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvuri orqali yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan maksimal texnik hajmdagi gazni yetkazib beryapmiz”, — dedi Miller.

O‘zbekiston 7-oktabrdan kuz-qish mavsumida gaz taqchilligining bir qismini qoplash uchun Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qilishni boshladi. Gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma ikki yilga tuzilgan bo‘lib, sotib olish hajmi kuniga 9 mln kub metrni, yiliga qariyb 2,8 mlrd kubmetrni tashkil qilishi kerak.

“Albatta, O‘zbekiston uchun, xususan, „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvuri orqali teskari rejimda gaz yetkazib berish imkoniyati kuz-qish mavsumidan o‘tishda juda muhim omil hisoblanadi. Biz esa bunga yarasha hozir shunday texnik imkoniyatlarga egamiz — o‘zbekistonlik hamkasblarimizning so‘roviga binoan O‘zbekistonga gazni to‘liq yetkazib beryapmiz”, — dedi “Gazprom” rahbari.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat “Gazprom” bilan Rossiyadan gaz yetkazib berishning kelajakdagi, asosan, kuz-qish mavsumining eng yuqori cho‘qqisi uchun hajmlarini muhokama qilinayotganini ta’kidlagandi. oktabr oyining to‘liq bo‘lmagan davrida Rossiyadan 300 mln kub metrga yaqin gaz yetkazib berildi.

Shuningdek, Energetika vazirligi rahbari katta zaxiraga ega Turkmanistonga yaqinroq bo‘lsa-da, O‘zbekiston nega Rossiya gazini sotib olishi, shuningdek, gazni boshqa davlatlarga eksport qilishining sabablarini tushuntirgandi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyadan gaz yetkazib berish masalasini siyosiylashtirish noto‘g‘ri.