Noyabr oyida O‘zbekiston Xitoyga 54,59 million dollarlik tabiiy gaz eksport qildi, bu avvalgi ikki oydagi hajmlardan ko‘p. Bu bo‘yicha “Gazeta.uz” Xitoy bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlarini o‘rgandi.

Avval xabar berganimizdek, aprel oyida O‘zbekiston “moviy yonilg‘i” eksportini qayta tiklagan, o‘sha oyda hajm 40,47 mln dollarni tashkil etgan. May oyida yetkazib berish hajmi 78,16 mln dollarga ko‘tarildi, iyunda esa 85,27 mln dollar, iyulda 91,39 mln dollar, avgustda 75,27 mln dollar, sentabrda 41,6 mln dollar, oktabr 42,25 mln dollarni tashkil qildi.

Yil boshidan buyon jami gaz eksporti 509,03 mln dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga — 1,03 mlrd dollarga nisbatan ikki baravar kam. Buni yanvar-mart oylarida O‘zbekistondagi energetika inqirozi fonida gaz eksporti to‘xtatilgani va ushbu yonilg‘ining mahalliy ishlab chiqarilishi kamaygani bilan izohlash mumkin.

Bir oylik ko‘rsatkichlar solishtirilganda, 2022-yil noyabr oyida 114,2 mln dollarlik gaz yetkazib berilgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 11 oy ichida 509,4 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga (910,9 mln dollar) nisbatan qariyb 2 barobar kamdir. Noyabr oyida “moviy yonilg‘i” eksporti 51,2 million dollarni tashkil etgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2023-yilning 11 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 42,75 mlrd kub metrni tashkil etgani va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 4,56 mlrd kub metrga kamaygani xabar qilingandi. Noyabr oyida rasman 1 mln dollarlik gaz import qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri 2020-yilda mamlakat 2025-yilgacha gaz eksportini butunlay to‘xtatmoqchi ekanini aytgandi. Gazni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha statistikalar bir necha karrasiga farq qilayotgani haqida yozgandi. Keyinroq energetika vaziri buni Xitoy statistikada turkman gazining tranzitini hisobga olgani bilan izohlagan. Biroq “Gazeta.uz” hisoblab, hatto tranzitni qo‘shganda ham statistika keskin farq qilayotganini aniqlagan.

Shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi olti oyda 2,6 mlrd kub metr — 2022-yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobar ko‘p gaz import qilgan. Bu Statistika agentligi ma’lumotlaridan farq qiladi va MB rahbarining gaz importi tufayli budjet taqchilligi oshgani haqidagi so‘zlariga qisman oydinlik kiritishi mumkin.