Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov jurnalist Aziza Qurbonovaning “O‘zi nima gap” loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda gaz ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar haqida fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Energetika vazirligi metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatini cheklashga majbur, chunki ular aholi va sanoat obyektlariga gaz yetkazib beriladigan gaz quvurlariga bevosita ulangan.

“E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz ularning ish vaqtini chegaraladik, ya’ni ularni yopmadik. Chunki metan “zapravka”lar ishlamay turgan vaqtda quvurlarda gaz yig‘ilib, yetarli bosim qilib biz aholi xonadonlariga gaz iste’moli eng yuqori bo‘lgan ertalab va kechqurun yetkazib berdik”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, oy boshidan hududlarda metan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining ish vaqtiga cheklovlar joriy etila boshlandi. Ularning faoliyati kuniga 6 soatgacha (6:00—12:00) cheklandi. 13-dekabr kuni oltita hududdagi 1179 ta gaz to‘ldirish shoxobchalaridan 632 tasi faoliyati to‘xtatildi (bu haqda “Hududgazta’minot” va Energetika vazirligi xabar qilgan). Ya’ni, faqat 547 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishlagan.

Vazir, shuningdek, o‘tgan yili yer osti gaz omborlaridan kuniga maksimal 28 million kub metr gaz olingani, joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni 33−34 million kub metrga yetkazish imkoniyati borligini aytdi.

“Bizning xatomiz shundaki, hisob-kitoblarda aholi iste’moli belgilangan, rejalashtirilgan hajmdan yuqori bo‘lib chiqdi”, — dedi u.

Shu bilan birga, u sentabr oyida “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida o‘tgan yili kuniga 18 million kubometr olingani, “Gazli” gaz ombori sig‘imi kengaytirilgach, kamida 30 million kubometr gaz olish imkoniyati paydo bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov noyabr oyida deputatlar oldida so‘zlagan nutqida, shuningdek, o‘tgan yili yer osti gaz omboridan maksimal 18 million kub metr gaz olingani va “bugungi kunda yangi o‘rnatish, kompressor stansiyasi hisobiga 40 million kub metrgacha gaz qazib olishi mumkin”ligini aytgandi.

Noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvdan so‘ng “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlari qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobotlarni taqdim etgan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, energiya tizimi “har qanday injiq ob-havo va anomal sovuqqa tayyor”.

Xususan, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati raisi Asqar Isoqov yerosti gaz omborlari “100 foizdan ortiq” to‘ldirilganini ta’kidladi. “O‘tgan yili bu vaqtda anomal sovuq bo‘lgan, gaz taqchilligi va tizimda muammolar yuzaga kelgan edi. Bu yil har qanday anomal sovuq ob-havo bo‘lsa ham, biz bu holatga to‘liq tayyormiz. Omborlarimizda zaxiralarimiz mavjud. Biz aholini [gaz bilan] uzluksiz ta’minlanishini ta’minlashga qodirmiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi “Gazli” va “Xo‘jaobod” gaz omborlarining umumiy quvvati 3,9 mlrd kubometrni tashkil etadi.