22-dekabr kuni Toshkent viloyati sudi 2019-yilda Qibrayda 13 yoshli qizni zo‘rlaganlikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan shaxsning apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi. Bu haqda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasiga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning aprel oyida Nemolchi.uz loyihasi 2019-yilda qo‘shnisi tomonidan zo‘rlanganini aytgan qizning hikoyasini e’lon qilgandi. Jabrlanuvchining oilasi huquq-tartibot idoralariga bir necha bor ariza bilan murojaat qilgan, biroq jinoyat ishi joriy yilning 4-aprelidagina ochilgan.

Ish avgust oyida sudga borgan. 18-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudi Milliy gvardiya sobiq xodimi Sh. Sh.ni (1993-yilda tug‘ilgan) qizni zo‘rlashda aybdor deb topib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Erkak 8-noyabr kuni birinchi instansiya sudining hukmini qayta ko‘rib chiqish uchun yuqori sudga apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilgan. Toshkent viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi Sh. Sh.ga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.