Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Turkmanistondan gaz import qilish bilan parallel ravishda oktabr oyida Rossiyadan ham Qozog‘iston orqali gaz olishni boshlaganiga yana bir bor izoh berdi. U jurnalist Aziza Qurbonovaning YouTube`dagi “O‘zi nima gap?” loyihasiga bergan intervyusida bunday to‘xtamga kelish gazga talabning ortgani bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

“Asosiy sabab — ortib borayotgan talab, o‘sib borayotgan iste’mol. [Gazning] asosiy qismini qo‘shni birodar Turkmanistondan olayotgan bo‘lsak, bizda gazga qo‘shimcha talab bo‘lgani sababli barcha resurslarni tahlil qildik, muzokaralar olib bordik. Hozirgi kunda Rossiyada gaz hajmlari, kafolatli tarzda qo‘shimcha gaz yetkazib berish imkoniyati mavjud”, — dedi vazir.

U, shuningdek, Rossiyadan gaz olib kelish uchun tayyor infrastruktura bo‘lganini qayd etdi.

“Oldinlari Markaziy Osiyodan Rossiya va boshqa davlatlarga mavjud gaz quvurlari orqali yuborilgan bo‘lsa, o‘sha quvurlarni qayta (teskari) yo‘nalishda moslashtirish orqali shu narsa tashkil qilindi. Bu faqatgina iqtisodiy talabdan kelib chiqib amalga oshirildi”, — deb ta’kidladi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Vazir bu savolga noyabr oyi oxirida ham javob bergandi. “Siyosiy omillarga bog‘lash noto‘g‘ri deb o‘ylayman, bu — tijoriy munosabatlar”, — degandi vazir o‘shanda.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya gazini O‘zbekistonga eksport qilish va uni Qozog‘iston hududi orqali tashish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.

7-oktabr kuni esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda Moskvada Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlab bergan. Unga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida Rossiya o‘zbekistonlik iste’molchilarga yiliga 2,8 mlrd kubometr (kuniga 9 mln kubometr) gaz yetkazib beradi.

“Gazprom” bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, 7-oktabrdan noyabr oyi boshigacha O‘zbekiston Rossiyadan 300 mln kub metrga yaqin gaz import qilgan. Ko‘rinib turganidek, yetkazib berish tez sur’atlarda kechgan — tasdiqlangan yetkazib berish hajmi bo‘yicha (kuniga 9 million kubometr) 300 million kubometr gazni yetkazish uchun 33 kun (yoki 10-noyabr) talab etilardi.

Noyabr boshida O‘zbekiston va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida strategik memorandum imzolangan. Unga ko‘ra, gaz ta’minoti va tashish, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidirish hamda qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.