Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida qurilishi tahmin qilingan Turizm markazi kompleksi surati e’lon qilindi. Buxoro shahri hokimligi bunga munosabat bildirib, tarqalgan xabarni “hech qanday qonuniy asosga ega” emasligini yozdi.

“Buxoro shahrida ham barpo etilayotgan har bir yirik loyiha dastlab sinovdan o‘tgan mahalliy va xorijiy tajribalar asosida chuqur o‘rganilib, vakolatli tashkilotlarning yetuk olimlari va mutaxassislari tomonidan loyiha ko‘rinishida ishlab chiqilgan holda xalq deputatlari va aholi muhokamasiga qo‘yilib tegishli qonuniy hujjat qabul qilinadi hamda shundan keyin bunyodkorlik ishlariga kirishiladi”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Shuningdek, hokimlik “yuksak turizm salohiyatini O‘zbekiston aholisi va xalqaro hamjamiyatga yanada keng tanishtirish, yirik Xalqaro forum, konferensiya va simpoziumlar o‘tkazish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish va sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish maqsadida” turistik infratuzilma kompleksini bunyod etish loyihasi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

“Ushbu loyiha malakali ekspert va mutaxassislar o‘rganishlari, xulosalari hamda xalqaro darajada YUNESKO tashkiloti munosabatlari bo‘yicha har tomonlama mukammal ishlab chiqilib, deputatlar va xalq muhokamasidan o‘tgandan keyin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan holda vakolatli tashkilotlar tomonidan rasmiy ravishda e’lon qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Voqea xronologiyasi

buхоро sayyohlik markazi, buхоро

Buxorodagi sayyohlik markazi loyihasining ehtimoliy chegarasi. Foto: Diyor Imomxo‘jayev / Telegram

2023-yil yanvar oyida Buxoro markazida sayyohlik markazini qurish uchun o‘nlab binolar buzilishi mumkinligi xabar qilindi. Buyurtmachi sifatida Samarqandda xuddi shunday markazni qurgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan. 32,6 gektar maydonni egallagan majmuani qurish uchun hokimliklar, prokuratura, sport arenasi va boshqa binolar buzilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqib, prezidentga murojaat qilgan.

Alerte Heritage madaniy meros observatoriyasi Buxoro shahri va Buxoro viloyati hokimliklari binolari taqdiri yuzasidan xavotir bildirdi (observatoriya vakillarining ta’kidlashicha, ushbu binolar “yaltiroq-alyukobond qoplamali yoki o‘ziga o‘zi soxta tarixiy parodiya bo‘lib qolish xavfi ostida” qolgan).

Kun.uz'ning yozishicha, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan dastlabki yer maydoni Buxoroning tarixiy markazining bufer hududida joylashgan, shu bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamagan. Madaniy meros agentligining hukumatga eslatishicha, ushbu sohadagi har qanday loyiha agentlik va YUNESKO bilan kelishilishi kerak.

Shundan so‘ng Buxoro viloyati hokimligi ko‘hna shahar markazida qurilishi rejalashtirilgan “Turizm markazi” uchun “boshqa maqbul yer maydonlari tanlanishi”ni ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, markaz qurilishini to‘xtatish haqida prezident Shavkat Mirziyoyev topshiriq bergan.

oktabr oyida bu masala yana ko‘tarildi. Kun.uz`ning yozishicha, masala yana ko‘tarilgan, shahar hokimligi boshqa hududga ko‘chirilgan, shahar markazi “snos”ga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Hokimlik vakili buni rad etdi.

“Hokimlik vakilining aytishicha, bino kapital ta’mirlanayotgani sababli hokimiyat vaqtincha boshqa joyga ko‘chgan. U markaz buzilayotgani uchun hokimiyat ko‘chirilganini rad etdi. Mahalliy jurnalistlardan biri esa ko‘chish sababi „snos“ bilan bog‘liqligini aytmoqda”, — deya yozgandi Kun.uz.

Mahalliy jurnalist tahririyatga buzish boshlanmagani, tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. “Bu aniq edi. Turizm shaharchasi baribir shu yerdan quriladi. Ammo hozircha jimjitlik. Buzish boshlanmagan, tayyorgarlik ko‘rilyapti”, — deydi buxorolik jurnalist.

Hududdagi Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ham tez kunda ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda maktab xodimlari ma’lum qildi. Lekin maktab aynan qachon va qayerga ko‘chirilishi hozircha aniq emas.

Nashr yozishicha, Buxoro markazini buzish uchun dastlab 80 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi kerak bo‘lgan. Lekin bu masala birinchi marta ko‘tarilganda mulk egalari kompensatsiya miqdorini arzimas deb baholab, “snos”ga qarshi bo‘lgan.

Internet foydalanuvchilarining eslatishicha, ikki hokimlik binosi orasiga, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 50 ming dollar miqdoridagi granti hisobidan YeTTB xodimi, asli o‘zbekistonlik Kamola Mahmudovaning shaxsiy tashabbusi bilan daraxtlar ekilgan.

O‘zbekistonning 2023-yilgi Davlat budjetida qabul qilingan dasturlar, prezident va hukumat topshiriqlari asosida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni (shu jumladan, ko‘chmas mulkni buzish uchun) qoplash uchun 516,6 mlrd so‘m (2022-yilda — 500 mlrd so‘m) belgilangan.

Moliyachi Otabek Bakirov Buxoro viloyatining 2023-yilgi budjetida buzilgan obyektlarning o‘rnini qoplash uchun mablag‘ kiritilmaganiga e’tibor qaratdi, shu bois bu mablag‘larni davlat budjeti hisobidan to‘lash mumkinligini tahmin qildi.

Enter Engineering haqida

Kompaniya 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, turli darajadagi murakkablikdagi neft-gaz, sanoat va fuqarolik obyektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Enter Engineering kompaniyasi Samarqand mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish kimyo majmuasi, Humo Arena muz majmuasi, UzGTL sintetik yoqilg‘i zavodi, to‘liq texnologik ishlab chiqarishga ega 3-sonli misni qayta ishlash zavodi majmuasi, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali kabi loyihalarni qurgan yoki amalga oshirishda ishtirok etgan.

Enter Engineering kompaniyasining asosiy aksiyadori Baxtiyor Fazilov hisoblanadi. Shuningdek, u Samarkand Touristic Centre, ya’ni Samarqanddagi turistik markazning 60 foiz ulushiga (qolgan 40 foizi NBU Samarkand Invest`ga tegishli) va boshqa bir qator korxonalarga egalik qiladi.