Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, davlat rahbari hududlarda kichik xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikni kengaytirish vazifasini ham qo‘ydi.

“Yana bir yo‘nalish — dilerlik tizimini takomillashtirish va hozirgi kunda ko‘plab aholi tomonidan [bildirilayotgan] e’tirozlarni bartaraf etish. Qolaversa, yangi loyihalar bo‘yicha ham topshiriqmalar berildi — bu nafaqat O‘zbekistonda, balki hamkorlikda ishlayotgan xorijiy mamlakatlarda ham mahalliylashtirish darajasini ko‘paytirishdir”, — dedi “O‘zavtosanoat” rahbari. Gap eksport salohiyatini oshiradigan loyihalar haqida bormoqda.

Yig‘ilishda sohada 2 mingdan ziyod korxona yaxlit kooperatsiya tarmog‘iga bog‘langani va 50 foiz mahalliylashtirish ta’minlangani ta’kidlandi. 2030-yilgacha mamlakatda yengil avtomobillar ishlab chiqarishni 1 million donaga yetkazish rejalashtirilgan. Prezident, shuningdek, elektromobillar ishlab chiqarishni rivojlantirishni kechiktirmaslikka chaqirdi.

Avgust oyida UzAuto Motors Lacetti, Cobalt, Damas va Labo uchun shartnomalar chiqarishni qayta tikladi va bir kunda 51 mingdan ortiq shartnomani rasmiylashtirdi. sentabr oyida bir necha soat ichida yana 28 ming avtomobilga shartnomalar tuzildi. Navbatlar 30-oktabr kuni ham yuzaga kelgan, o‘shanda avtomobil yetkazib berish qayta boshlangani haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi.

Kompaniya avvalroq dekabr oyining ikkinchi yarmida (aniq sana kompaniyaning rasmiy kanallarida alohida e’lon qilinadi) 2024-yilda ishlab chiqariladigan ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiya ochilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi:

  • Cobalt — 124 264 000 so‘mdan;
  • Damas — 93 156 000 so‘mdan;
  • Labo — 93 771 000 so‘mdan.

Gentra/Lacetti ishlab chiqarish 2024-yil 1-yanvardan to‘xtatiladi.