14-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi ko‘p qavatli uyda elektr toki o‘chgani sababli ichida yosh qiz bo‘lgan lift tormozi ishlamay, pastga qulagani haqida xabarlar tarqaldi.

liftнинг tushib кетиши, yangiҳаёт тuмани

Tuman hokimligining ma’lum qilishicha, aytilayotgan voqea “Yangi Darxon” mahallasidagi 18-uyda sodir bo‘lgan, ammo lift qulamagan. Hokimlik elektr ta’minoti uzilgach, liftda generator ishlagani va qiz pastki qavatga xavfsiz tushganini bildirdi.

Mahalla boshqaruv kompaniyasi direktori Saidmurod Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, soat 14:00 atrofida elektr energiyasi o‘chgani sababli lift 4-qavatda to‘xtab qolgan, voyaga yetmagan qiz bundan qo‘rqib ketgan.

liftнинг tushib кетиши, yangiҳаёт тuмани

“Maxsus generatorlarimiz 1 daqiqadan so‘ng ishga tushgan. Lift ichida qolgan fuqaro 2 daqiqada undan chiqqan. Boshqa hech qanday holat bo‘lmagan. Hozirda lift soz holatda ishlayapti”, — dedi u.

Hokimlik qiz va uning oilasi bilan suhbatlashilgani va qizning ahvoli yaxshiligini ma’lum qildi.

Lift bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar

Avvalroq mazkur tumanning xuddi shu mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning birida pastga tushayotgan lift nosozlik sababli tezlashib, birinchi qavatga yetganda tormoz tizimi ishlab, to‘xtagandi. 11 kishi jarohat olgan, ulardan 3 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Iyul oyida Toshkentning Yashnobod tumanidagi yangi bino liftidan yo‘qolgan ayolning jasadi topilgan. Keyinchalik Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi lift elektr ta’minotidagi uzilishdan keyin to‘xtab qolganini, Bosh prokuratura esa bu lift nosoz bo‘lganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, oktabr oyida Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uyda ichida odamlari bo‘lgan lift tushib ketgan va 4-qavatga yetgandagina tormoz tizimi ishga tushgan. Hokimlik uy davlat qabulidan o‘tmasa ham, uch yil oldin topshirilganini ma’lum qilgan. Quruvchi qabuldan o‘tganini aytib, boshqaruv kompaniyasini ayblagan.

Avgust oyida bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida mamlakatda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan 400 ga yaqin liftdan foydalanib kelinayotgani ma’lum qilingan.

Ushbu voqealar fonida O‘zbekistonda 1-dekabrgacha barcha ko‘p kvartirali uylardagi mavjud liftlarni xatlovdan o‘tkazish va ularni internetga imtiyozli narxlarda ulash taklif etilgandi.