Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Markaziy Osiyoda yoshlar tadbirkorligi va bandligini ta’minlash bo‘yicha yetti yillik dasturni ishga tushirdi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Dastur doirasida YeTTB mintaqadagi yosh tadbirkorlarni ta’lim olish va moliyalashtirish imkoniyatini ta’minlash uchun 200 million yevro (218 million dollar) ajratadi. Dastur 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar rahbarlik qiladigan yoki egalik qiladigan mikro, kichik va o‘rta korxonalarga qaratilgan.

Korxonalar Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistondagi 20 ta hamkor moliya institutlari orqali kredit olishlari mumkin bo‘ladi. Xususan, YeTTB “Hamkorbank”ga 10 million dollargacha kredit ajratishi kutilmoqda.

YeTTB sarmoyasi 30 million yevrogacha bo‘lgan grantlar va imtiyozli qo‘shma moliyalashtirish bilan to‘ldiriladi.

“YeTTB tomonidan mintaqada o‘tkazilgan bozorni baholash shuni ko‘rsatdiki, Markaziy Osiyodagi ko‘plab yoshlar tadbirkorlik bo‘yicha fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lsada, juda kam qismi iqtisodiy imkoniyatlardan foydalana oladi. Ularning atigi 10 foizga yaqini zarur tayyorgarlik va kasbiy tajribaga ega”, — deyiladi bank matbuot xizmati xabarida.

Bu Markaziy Osiyo uchun juda muhim, bu yerda kichik va o‘rta korxonalar umumiy bandlikning deyarli yarmini tashkil qiladi va mintaqaviy YAIMning deyarli 40 foizini tashkil qiladi, deya qayd etdi bank.