O‘zbekistonda iste’molchilarga tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilyapti, yetishmovchiliklar yo‘q, deb xabar qildi “Hududgazta’minot” kompaniyasi.

Haroratning keskin pasayishi munosabati bilan mamlakat bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molining ortishi kuzatilmoqda. Iste’molchilar o‘rtasida yonilg‘ini teng taqsimlash maqsadida “Hududgazta’minot” mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib bormoqda va yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqda, deyiladi xabarda.

“Hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste’molchilariga „zangori yonilg‘i“ to‘liq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchiliklar kuzatilmayapti. Olis hududlarga suyultirilgan gaz to‘liq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida yetkazilmoqda. Hududlarda avariya holatlari kuzatilganda, mutaxassislar joyiga yuborilmoqda va ular muammolarni bartaraf etishmoqda”, — deyiladi kompaniya xabarida.

9-dekabr kuni aholi va ulgurji iste’molchilarga 105 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz iste’molchilariga 2224 tonna yonilg‘i yetkazilgan.

“Hududgazta’minot” muammoli hududlarda gaz ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berdi. Xususan, Toshkent shahrining Yunus Rajabiy ko‘chasidagi muammolar o‘z yechimini topib, qo‘shni ikki ko‘cha — Yakkasaroy tumani V.Vohidova va Tafakkur ko‘chalarida gaz quvurlaridagi nosozlik bartaraf etilgan.

7-dekabr kuni suv ta’minoti tizimi xodimlari avariya holatini bartaraf etish jarayonida traktor orqali gaz quvurlariga shikast yetkazgan. Oqibatda gaz quvurlariga suv yig‘ilgan va uchta ko‘chada gaz bosimi pasayishi kuzatilgan. Ayni vaqtda “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati Piskent tumani “Oq tepa” MFYdagi gaz quvurlarida avariya holati kuzatilgan. Yuk avtomobili o‘rta bosimli gaz quvuriga shikast yetkazgan, oqibatda 70 ta xonadon vaqtincha gaz ta’minotidan uzilgan. “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali mutaxassislari avariya oqibatlarini bartaraf etgan.

Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida ham ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilgan.

“Noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay, iste’molchilarning gaz ta’minotini yaxshilash ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur davrda alohida mahalla va xonadonlarda gaz yetishmovchiligining oldini olish maqsadida „Hududgazta’minot“ AJ fuqarolardan gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o‘chirishni so‘raydi”, — deyiladi xabarda.

“Hududgazta’minot” gaz ta’minoti uzluksiz yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashni so‘radi.

“Hududgazta’minot” AJ tizimi mutaxassislari barcha taklif, shikoyat va murojaatlarni 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi, avariya va boshqa texnik nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha murojaatlarni 104 raqami orqali qabul qiladi.

Kompaniya ob-havoning sovib ketishi arafasida aholini isitish moslamalari va gaz plitalaridan foydalanishda ehtiyot choralarini eslatib, xonalarni ventilyatsiya qilishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, sovuq havo kelishi bilan butun O‘zbekiston bo‘ylab gaz quyish shoxobchalari faoliyati cheklangan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq deputatlarga joriy qishda energetika inqirozining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilgani, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gaz va elektr quvvati taqchilligi qaysi manbalardan qoplanishi haqida ma’lumot bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan qish mavsumida gaz tanqisligining eng yuqori darajasi kuniga 21,6 million kub metrga yetgan. 2023-yilda gaz tanqisligini o‘tkazish quvvati 18−20 million kub metrdan 35−40 million kub metrgacha ko‘tarilgan gaz omborlaridan to‘ldirish, shuningdek, Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasiga gaz yetkazib berishni kuniga 5 million kub metrga qisqartirish rejalashtirilgan.

Zarur bo‘lganda, ayrim gaz quyish shoxobchalariga (AGTKSH) gaz ta’minoti 30 foizga qisqartiriladi: hozirda ular kuniga 15 million kub metr gaz oladi, 5 million kub metrga cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Avvalroq “O‘ztransgaz”, “Xududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlari prezidentga qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot bergandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.