8-dekabrdan Qashqadaryo viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da cheklovlar joriy etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov xabar berdi.

Gaz jadvalga muvofiq — soat 06:00 dan 15:00 gacha beriladi. Qaror, shuningdek, havoning keskin sovishi va birinchi navbatda turar joy binolari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan izohlandi.

Haydovchilardan xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda gaz to‘ldirish so‘ralgan.

Bu gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlarni rasman e’lon qilgan O‘zbekistonning kamida to‘rtinchi hududi hisoblanadi. Avvalroq bunday bayonotlar Andijon va Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston bo‘yicha berilgan edi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq deputatlarga joriy qishda energetika inqirozining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilgani, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gaz va elektr quvvati taqchilligi qaysi manbalardan qoplanishi haqida ma’lumot bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan qish mavsumida gaz tanqisligining eng yuqori darajasi kuniga 21,6 million kub metrga yetgan. 2023-yilda gaz tanqisligini o‘tkazish quvvati 18−20 million kub metrdan 35−40 million kub metrgacha ko‘tarilgan gaz omborlaridan to‘ldirish, shuningdek, Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasiga gaz yetkazib berishni kuniga 5 million kub metrga qisqartirish rejalashtirilgan.

Zarur bo‘lganda, ayrim gaz quyish shoxobchalariga (AGTKSH) gaz ta’minoti 30 foizga qisqartiriladi: hozirda ular kuniga 15 million kub metr gaz oladi, 5 million kub metrga cheklovlar joriy etilishi mumkin.

S&P “O‘zbekneftgaz” kredit reytingini past natijalar, yuqori qarz yuki va Uzbekistan GTL to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani sababli nisbatan riskli bo‘lgan “B+” darajasiga tushirgan. Majburiyatlarning buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani sababli prognoz “salbiy”ga o‘zgargan.

Avvalroq “O‘ztransgaz”, “Xududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlari prezidentga qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot bergandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.