Yandex Go xizmati hamkorlar uchun komissiyani 13 foizdan 14,6 foizga oshirdi. Bu haqda 5-dekabr kuni iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida yozdi. Yandex Go vakillari bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

Kanal muallifi, bu bir tomonlama, ogohlantirishsiz amalga oshirilganini ta’kidladi.

Yandex Go 1-dekabrdan boshlab xizmat O‘zbekistonning Yandex Go UB kompaniyasi tomonidan taqdim etila boshlaganini eslatib o‘tdi. “O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish bilan xizmat narxiga mamlakat budjetiga to‘lanadigan QQS qo‘shildi”, — dedi “Gazeta.uz”ga Yandex Go.

Kompaniyaning qayd etishicha, Toshkentda komissiya 1,6 foizga, boshqa shaharlarda esa 1 foizga oshgan. Xizmat vakillarining ta’kidlashicha, Toshkentda bu ikki yil ichida komissiya tarkibidagi birinchi o‘zgarish bo‘lsa, boshqa shaharlarda esa ular ishga tushganidan beri birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Otabek Bakirov ham o‘z nashrlarida Yandex Go hamkor taksoparklari o‘z komissiyalarini 4−5 foizdan 5−6 foizga oshirganini ham qayd etgan. Kompaniyalarning nomlari ko‘rsatilmagan.

“Kelib chiqadiki, 1-dekabrdan keyin haydovchi taksistlarning ko‘rsatilgan xizmat uchun oladigan ulushi 2,6 foiz bandigacha qisqargan”, — deb yozadi blog muallifi. “Demak, Yandex Go va uning ayrim hamkorlari O‘zbekistonda to‘lamoqchi bo‘layotgan soliqlarining yukini haydovchilarning bo‘yniga yuklagan, qo‘ygan. Ya’ni, haydovchilarning nonini tuya qilish davom etadi. Jamoatchilik Yandex Go [O‘zbekistonga] soliq to‘lasin degan talabni qo‘yganda shunday ko‘zbo‘yamachilikni so‘raganmidi?”.

Xizmat vakillarining ta’kidlashicha, ba’zi hamkorlar, aksincha, komissiyani kamaytirgan, chunki avval taksoparklar norezident (Niderlandiyaning Ridetech International B.V. nazarda tutilmoqda) bilan ishlash uchun QQS to‘lagan, endi esa ular buni qilishi kerak emas.

“Gazeta.uz” Yandex Go hamkorlari orasidan bir nechta taksoparklarga murojaat qildi. TIFA o‘z komissiyasini 4,5 foizdan 4 foizga tushirganini aytdi. Grand Taxi 4,5 foiz komissiyasini o‘zgartirmagani, ammo kelajakda uni kamaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi.

Taksopark rahbari I. (kompaniya nomini ko‘rsatmaslikni istadi) uning kompaniyasi haydovchilar uchun komissiyani 3−5% dan 1−4% gacha pasaytirganini aytdi. Shu bilan birga, u “ba’zi taksi kompaniyalari imkoniyatdan foydalangan holda komissiya miqdorini oshirishini”, — ta’kidladi.

Boshqa bir taksi kompaniyasi rahbari K. “Gazeta.uz” bilan suhbatda shunday ta’kidladi: “Foyda stavkalarini pasaytiruvchi raqobatchilar borligini hisobga olsak, komissiyani oshirish maqsadimiz yo‘q. Shuning uchun biz komissiyani 4,5 foizdan 3 foizga kamaytirishga qaror qildik”. U buni kompaniya norezident bilan ishlash uchun endi QQS to‘lashi shart emasligi bilan bog‘ladi.

Spot tomonidan so‘rovda qatnashgan taksi kompaniyalaridan biri RichTaxi komissiyasi 1 foizga kamayganini ma’lum qilgan, Cheap Taxi va Index taxi komissiya miqdori o‘zgarishsiz qolganini, biroq ular hisobot davri tugaganidan keyin yangi tariflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Otabek Bakirov, shuningdek, o‘z kanalida Yandex Go “Standart” tarifini yopganini ma’lum qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p avtomobillar, jumladan, Spark, Nexia-1, Nexia-2 va boshqa eski sedan modellari ulanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, muallifning fikricha, “Start” tarifining bazaviy narxlari “Standart” darajasiga ko‘tarilgan. “Amalda yashirin narx oshirilishi vositasi qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin”, — dedi Bakirov.

Yandex Go taksi xizmati tariflarini o‘zgartirib, ommaviy bo‘lmagan “Standart” tarifini olib tashlagani va “Start” tarifini qayta ko‘rib chiqqani haqida xabar berdi.

“Biz Toshkentdagi tarif tizimini butun O‘zbekiston bo‘ylab tarif tizimi bilan birlashtirib, o‘zgartirdik. Eslatib o‘tamiz, “Start” eng maqbul tarif bo‘lib, “Standart”da tashuvlar narxi biroz yuqoriroq edi. 5-dekabrdan boshlab “Standart” tarifi to‘xtatildi, bu haqda hamkorlar va ularning haydovchilari oldindan ogohlantirildi. “Start” tarifi haydovchilar daromadi va yo‘lovchilar uchun tashuv narxini odatdagi darajada ushlab turish maqsadida qayta ko‘rib chiqildi. Eslatib o‘tamiz, “Start” avvallari yo‘lovchilar va haydovchilar uchun budjet toifasidagi asosiy tarif bo‘lgan”, — dedi xizmat vakillari.

Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ishtirokini taqozo etmoqda. Uning fikricha, Yandex Go’ga taksi agregator bozorida dominant kompaniya maqomini berish kerak.

Spot xabariga ko‘ra, departament taksi bozoridagi vaziyatga aralashmoqchi va qo‘mita tez orada rasmiy pozitsiyasini bildirishni rejalashtirmoqda.