29-noyabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi tomonidan gul ko‘chatlari xarid qilishni moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu bo‘yicha hujjat E-Qaror portaliga joylashtirildi.

19-sentabr kuni deputatlar tomonidan 2023-yilda poytaxtda mavsumiy gullar ekish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 6,2 milliard so‘m, gul ko‘chatlari ekish uchun tuman obodonlashtirish bo‘limlariga yana 5,8 milliard so‘m miqdorida (jami 12 mlrd so‘m) mablag‘ ajratilishi ma’qullangan.

sentabrdagi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Obodonlashtirish bosh boshqarmasining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari va tuman bo‘limlariga gul ko‘chatlari xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirilib, joriy yilning uchinchi choragida respublika budjeti daromadlarining ortig‘i bilan bajarilgan qismidan qoplanadi.

Shundan 1,4 milliard so‘mi Irrigatsiya xo‘jaligi va ko‘kalamzorlashtirish obyektlarini ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga, 550 million so‘mi Markaziy maydonlarni obodonlashtirish ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga, 250 million so‘mi Hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga, 70 million so‘mi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga yo‘naltiriladi (jami 2,27 mlrd so‘m).

gullar, тошкент, xalq deputatlari kengashi

Obodonlashtirish bosh boshqarmasining 12 ta tuman bo‘limi uchun 2,73 milliard so‘m ajratildi: eng katta mablag‘ Mirzo Ulug‘bek (500 million so‘m) va Chilonzor tumanlariga (400 million so‘m), eng kami Bektemir (100 million so‘m) va Yangihayot (130 million so‘m) tumanlariga ajratildi.

“Avvalroq shahar kengashi tomonidan 12 milliard so‘m ajratilishi tasdiqlangan. Endi pul zarurat tug‘ilganda ajratiladi. Hozir 5 milliard so‘m ajratilgan. Shundan so‘ng ushbu mablag‘ni taqsimlash to‘g‘risida hokimning qarori bo‘lishi kerak va shundan keyingina mablag‘ ajratiladi. Bunda hokim birinchi navbatda 1 milliard so‘m, keyin esa 3 milliard so‘m va hokazolar ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin”, — deya izoh berdi Toshkent hokimligi matbuot xizmati.