Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida jinoiy faoliyat olib borgan bir nechta shaxslar gumonlanib ushlandi, deya xabar bermoqda boshqarma matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, ular Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan.

Hibsga olinganlar ro‘yxati:

  • 1983-yilda tug‘ilgan Mirxojayev Mirsolix Mirkamolovich (165-modda 2-qismi, ko‘p miqdorda tovlamachilik, 277-moddasi 2-qismi bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik);
  • 1995-yilda tug‘ilgan Shomurodov Laziz Yunus o‘g‘li (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik; 277-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik);
  • 1980-yilda tug‘ilgan Samiyev Sherzod Latifovich (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik; 277-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik);
  • 1991-yilda tug‘ilgan Akramov Akramjon Davlatboy o‘g‘li (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik);
  • 1996-yilda tug‘ilgan Aliyev Azizjon Vali o‘g‘li (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik);
  • 1995-yilda tug‘ilgan Bobonazarov Ravshan Abduraxmon o‘g‘li (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik).
  • 1995-yilda tug‘ilgan Muminov Behruz Xolmurod o‘g‘li (165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik);
  • 1986-yilda tug‘ilgan Yuldashev Anvar Baxtiyorovich (277-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik);
  • 1988-yilda tug‘ilgan Umirzokov Dilshod Buribayevich (277-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik);
  • 1994-yilda tug‘ilgan Usmanov Sirojiddin Inomjon o‘g‘li (277-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik).

“Ushbu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yo‘li bilan pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan”, — deyiladi xabarda.

Gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

Fuqarolardan ushbu shaxslardan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rganlar bo‘lsa yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsalar, Toshkent shahar IIBBning 71 206 45 69, 71 206 49 46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99 370 73 94 Telegram raqamiga murojaat qilishlari so‘raldi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevni poytaxtda ushlagan.