Andijon viloyati hududida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari, tovlamachilar, o‘zidan “yetakchi” yasab olganlar hamda ularga yaqin bo‘lgan shaxslar ushlanmoqda, deya xabar qildi viloyat IIB matbuot xizmati.

Xususan, 2023-yilning 2-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida:

  • muqaddam Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 238 (Yolg‘on guvohlik berish), 241 (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 165-moddalarida (Tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan Bayxnov Noufal Alisherovich;
  • muqaddam Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish), 164 (Bosqinchilik), 165-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon shahrida yashovchi,1989-yilda tug‘ilgan Umarov Umidbek Rafukjonovich;
  • muqaddam Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1961-yilda tug‘ilgan Mamajonov Dilmurod Adhamjanovich ushlangan.

Ularga nisbatan viloyat hududida mayda bezorilik, tovlamachilik, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat kodeksining 165, 251−1 (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish), 273-moddalariga (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Agar ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Andijon viloyati IIBning „102“ raqami yoki 97−432−10−20 telefon raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, 9 ta holatda ko‘p miqdordagi giyohvandlik moddalari, 5 ta holatda 16 330 dona psixotrop dori vositalarini saqlash va o‘tkazish, 7 dona noqonuniy qurol, 84 ming donadan ortiq turli xil pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritilishi holatlariga chek qo‘yildi.

Shu bilan birga, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 20 nafar shaxslar ushlandi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Bundan tashqari, Salim Abduvaliyev (“Salimboy”)ga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlangani aytilmoqda.