“Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ilk bor ma’muriy javobgarlik uchun hibsga olindi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining 29-noyabr kunidagi qarorida qayd etilgan. “Gazeta.uz” qarorni o‘rganib chiqdi.

Hujjatga ko‘ra, 1971-yilda tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmagan Baxtiyor Qudratullayev 28-noyabr kuni soat taxminan 21:45 da Ko‘hinur ko‘chasi, Grand Mir mehmonxonasi yaqinidagi uylardan birining yo‘lagida va hovlisida bo‘la turib, “jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, fuqarolarning tinchligini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan”.

Qudratullayev sud majlisida, huquqbuzarlikni tan olmay, hech qanday huquqbuzarlik sodir etmaganligini, uyida bo‘lganida uni uyidan olib ketishganligini bildirib, suddan ishni odilona ko‘rib chiqishni so‘radi.

Sudya Qudratullayevni o‘z harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-modda (mayda bezorilik / bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi) va 194-moddaning 1-qismida (ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarga bo‘ysunmaslik / BHMning 1 baravaridan 20 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan.

Yakunda “Baxti Tashkentskiy” 15 sutkaga hibsga olindi.

Oradan besh kun o‘tib, 3-dekabr kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Qudratullayev va yana ikki shaxs juda ko‘p miqdorda tovlamachilik ayblovi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb etilgani haqida xabar berdi. “Ushbu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yo‘li bilan pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan…Tergov davom etmoqda”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha to‘dalari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan, deya xabar beradi poytaxt ichki ishlar boshqarmasi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyev qo‘lga olindi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular odamlarga pul evaziga qarzlarini undirib bergan.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi Sirdaryo, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Buxoro va boshqa viloyatlarda “Zarbdor 40 kun” aksiyasi o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.