Bloger Olimjon Haydarov Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining 8 yilga ozodlikdan mahrum etish hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati beradi. Bu haqda mahkumning ukasi Salimjon Haydarov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

1-dekabr kuni sud Haydarovni tuhmat, haqorat va tovlamachilikda aybdor deb topib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Salimjon Haydarov akasi aybini butunlay rad etib, uni hibsga olish choralarini noqonuniy va sud qarorini adolatsiz deb bilishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Olimjon Haydarov 29-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi. U “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi rahbarlaridan salbiy mazmundagi maqolani internetda tarqatmaslik evaziga 10 000 dollar talab qilganlikda ayblanmoqda.

10-oktabr kuni tergov organi Haydarovga nisbatan ayblov e’lon qilgan. Sud ishi 30-oktabr kuni boshlangan, unda besh nafar da’vogar va jabrlanuvchi xususan, Qo‘qon shahri hokimi Marufjon Usmonov, (bungacha prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan), Nurilloxon Teshaboyev (O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi o‘rinbosari — jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lib ishlamoqda yoki ilgari ishlagan), Vohidjon Sodiqov (u ham taxminan ichki ishlar organlarida ishlaydi), shuningdek, Faxriddin Abduvahobov va Olim Xasanov bor.