Toshkent shahar hokimining Veolia Energy Tashkent tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan yangi narxlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Yangi tariflar to‘g‘risidagi qarorni xalq deputatlari poytaxt Kengashi 8-noyabrda qabul qilgandi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1 dekbrdan Veolia Energy Tashkent tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan bazaviy narxlar qo‘shilgan qiymat solig‘isiz 664 465 so‘m/Gkal darajasida, bunda:

  • aholi uchun — 91 960 so‘m/Gkal (o‘zgarishsiz qoldi);
  • yuridik shaxslar uchun — 212 660 so‘m/Gkal (avval 141 737 so‘m edi);
  • budjet tashkilotlari uchun 801 963 so‘m/Gkal (avval 502 067 so‘m edi) darajasida tasdiqlangan.

Markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida investitsion xarajatlar tarif strukturasidan alohida hisobga olingan.

Shu bilan birga, iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, tariflar o‘rtasidagi farq Toshkent budjetidan (ba’zan respublika budjetidan) subsidiyalar hisobidan qoplanadi, ya’ni narxlar ko‘tarilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan bilvosita — ularning soliqlari hisobiga ta’sir qiladi. 2023-yilda issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplash uchun davlat budjetidan 1,8 trillion so‘m, 2024-yilda esa 4,5 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Issiqlik ta’minoti tarmog‘i va jamoat transporti uchun to‘lovlar miqdorining keskin oshishini 1-oktabrdan gaz va elektr energiyasi narxi oshgani, shu sababli issiqlik elektr stansiyalari va avtobuslar yoqilg‘ini oshirilgan narxlarda xarid qilayotgani bilan izohlash mumkin.

2021-yil avgust oyi boshida Veolia Energy Toshkent issiqlik ta’minoti tizimini nazoratga olishi ma’lum bo‘lgan edi. 1-iyuldan boshlab kompaniya 30 yil davomida Toshkent issiqlik ta’minoti tizimi nazoratini o‘z qo‘liga oldi va bunda sof foydaning 10 foizini oladi.

Avvalroq 25-noyabr kuni Toshkent shahar Kengashi tomonidan poytaxtda ichimlik (sovuq) suvi ta’minoti tariflari jismoniy shaxslar uchun 1400 so‘m, yuridik shaxslar uchun 3000 so‘mgacha oshirilishi tasdiqlangandi.