Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov 2021-yil fevralida poytaxtdagi jamoat joylarini obodonlashtirish bo‘yicha bir qator loyihalarni taklif qilgan edi. Qabul qilingan loyihalar 2021−2022-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Takliflar orasida shaharning Uchtepa tumanidagi Istirohat ko‘chasi o‘rtasidagi, qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositalari oqimini ikkiga ajratib turuvchi xiyobonni obodonlashtirish rejasi ham bor edi.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Shahar hokimligi hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish, favvoralar o‘rnatish, kutubxona, umumiy ovqatlanish joylari qurish, piyoda va velosipedda sayr qilish uchun yo‘lkalar yotqizish, shuningdek, chiroqlar, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari qo‘yishni rejalashtirgandi.

Xiyobonning ayrim joylarida mahalliy aholining vaqtinchalik boshpanalari bor edi, deydi ulardan biri Mahbuba Begmatova. Ayolning so‘zlariga qaraganda, odamlar o‘z uylari qarshisida tomorqalar tashkil qilib, vaqtinchalik kataklarda tovuqlar saqlashgan, xiyobondagi daraxtlar va gulzorlarni parvarish qilishgan.

“Bu hudud obodonlashtirilib, xiyobon barpo etilishi ma’lum bo‘lganida, xursand bo‘lgandik, — deydi Mahbuba Begmatova. — [Obodonlashtirish] ishlari 2022-yilning fevralida Kichik halqa yo‘li tomonidan boshlandi. Avvaliga aholi tomonidan qurilgan boshpanalar buzilib, butalar va gullarni ko‘chirib tashlashdi. Faqat daraxtlar qoldi”.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Avgustga kelib ko‘chaning kichikroq qismida ishlar yakunlandi. Matbuot anjumanida yangragan loyihadagi takliflarga ko‘ra velosiped va piyodalar uchun yo‘laklar, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, bolalar va sport maydonchalari, chiroqlar o‘rnatildi. Bo‘sh yerlarga daraxtlar ekildi. Shu bilan ish to‘xtadi.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Mahbuba Begmatova ko‘chani to‘liq obodonlashtirish ishlari qachon oxiriga yetkazilishini bilish maqsadida prezident qabulxonasiga murojaat qilgan. 2023-yil may oyida unga ishni joriy yilning uchinchi choragida qayta boshlash rejalashtirilgani aytilgan.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Biroq hozirda ko‘chaning ikkinchi yarmi tashlandiq holda qolmoqda. Qoldirib ketilgan qurilish materiallari ishchilarning qaytishini kutmoqda. Uchtepa hokimligi matbuot kotibi To‘ra To‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga bruschatkalar, shag‘al solingan qoplar, beton ariqlar, bordyor va boshqa qurilish materiallarini qo‘riqlash uchun hokimlik tomonidan qorovul yollangan.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

“Lekin u endi u yerda ishlamaydi. Shuning uchun ikki hafta ichida barcha qurilish materiallari ko‘chadan olib ketiladi”, — deydi To‘ra To‘rayev.

2023-yil bahor-yoz oylarida xiyobonning obodonlashtirilmagan qismiga tevarak-atrofdan qurilish chiqindilari va tuproq tashlab keta boshlashdi. Bu ko‘chadan maishiy chiqindilarni olib ketuvchi korxona mahalliy aholi xonadonlari uchun konteynerlar o‘rnatganiga qaramay, aholining bir qismi o‘z chiqindilarini xiyobonga tashlamoqda. Bularning barchasi odamlar tashlandiq hududlarda va vayronagarchiliklarda qadr-qimmat ko‘rmasligi va bunday obyektlarga shunga yarasha munosabatda bo‘lishlarini yana bir bor tasdiqlaydi.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Uchtepa tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Arziyevning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, tuman obodonlashtirish boshqarmasi chiqindilarni olib ketadi. Biroq, xiyobon obodonlashtirilmagan holda qolaversa, odamlarni unga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undaydimi yoki yo‘q — bunisi endi hozircha javobi yo‘q bir savol.

Bugun xiyobonning obodonlashtirilmagan qismidagi uylar aholisi ana shu vayronagarchilikdan “zavq olishga” majbur. Shu bilan birga, ko‘chaning obodonlashtirilgan qismidan foydalanish muammoli: turar-joy hududidan xiyobonga piyodalar o‘tish joylari deyarli mavjud emas. Yo‘l belgilari o‘rnatilgan joylarda chiziqlar chizilmagan. Yo‘lning qatnov qismi kengligi bir yo‘nalishda ikki-uch bo‘lakdan iborat, ustuvorlik haydovchilar tomonida. Odamlar, jumladan, yosh bolalilar ko‘chani kesib o‘tishda o‘zini xavfsiz his qilmaydi.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Hokim o‘rinbosari Abdulla Arziyev obodonlashtirish ishlari mablag‘ yo‘qligi sababli to‘xtatilganini ta’kidladi. 2022-yilda 3 kilometrlik xiyobonning 1,6 kilometri obodonlashtirilgan.

“Qolgan 1,4 kilometrida ham obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari rejalashtirilgan, biroq bu jarayonni moliyalashtirish manbasi noaniq bo‘lgani bois ayni paytda ishlar to‘xtatilgan. Uchtepa tumani hokimligi ushbu loyihani yakunlash zarurligi yuzasidan poytaxt hokimligiga taklif yuborgan”, — deydi Abdulla Arziyev.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Tuman hokimligi matbuot kotibi To‘ra To‘rayevning izoh berishicha, ko‘chaning yarmi homiylik mablag‘lari hisobidan obodonlashtirilgan.

“Homiy bilan o‘sha vaqtdagi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev gaplashgan edi, — deydi To‘ra To‘rayev. — [Hokim]: „Mana senga yer, homiylik qilasan, bizga bu yerni xiyobon qilib berasan“, degan. Yo‘lning shu yarmini obodonlashtirishga 25 mlrd so‘m sarflangan — bu miqdorni homiyning so‘zlaridangina bilamiz, qo‘limizda na smeta, na rekonstruksiya rejasi bor. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, qolgan ishlarning qiymati 12 mlrd so‘mga teng. Hozir Uchtepa hokimligida bunday mablag‘ yo‘q. Biz o‘z taklifimizni shahar hokimligiga yubordik, biroq yil oxirlab qolgani sabab mablag‘ ajratilishi dargumon. 2024-yilda mablag‘ olib, ishni oxiriga yetkazishga umid qilamiz”.

istirohat ko‘chasi, obodonlashtirish, parklar, toshkent

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish xarajatlarini 160,7 mlrd so‘mga qisqartirgan edi.