22-noyabr kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida fuqaro A.X.ga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, poytaxtdagi 115-sonli avtobus konduktori bo‘lib ishlovchi 32 yoshli A.X. 3-noyabr kuni 9 yoshli yo‘lovchi S.J.ning yoniga o‘tirgan. So‘ng shahvoniy shilqimlik qilib, uning qo‘lidan ushlagan.

Sud majlisida u aybiga iqror bo‘lib, sodir etgan qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan va suddan yengil jazo berishni so‘ragan. Jabrlanuvchining otasi J.U. konduktor qizining qo‘lidan ushlab, bir o‘pishni so‘ragani, mazkur holatdan qizi qo‘rqib ketib, keyingi bekatda tushib qolganini bayon qilgan hamda konduktorga nisbatan qonun doirasida jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi A.X.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.