Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni O‘zbekistonda yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, oxirgi uch yilda raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, 44 mln 800 ming gektar yer maydoni, 8 mln 300 mingta bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagan. Hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati 70 milliard dollarni tashkil qiladi. Aslida, ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4−5 barobar ko‘p bo‘lishi mumkin (280−350 mlrd dollar).

“Bunga yerning bozor qiymatini ham qo‘shsa, bilasizlarmi, aholi va tadbirkorlarga qanchadan-qancha iqtisodiy aktiv bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, yer hisobini joyiga qo‘yishimiz shart”, — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimlar va vazirlar buning hisob-kitobini o‘ylab ham ko‘rmagan, o‘ziga biror vazifa belgilab ham olmagan.

kadastr, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev qolgan yer maydonlarini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish va raqamlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma’lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi yerlarida yangi zaxiralar topish uchun aerosuratga oladigan zamonaviy samolyot va laboratoriyalar olib berildi. Kadastr agentligiga viloyat, tuman va shaharlar hokimlari bilan birgalikda yil yakunigacha aerosuratga olish ishlari Toshkent shahri, Toshkent viloyati va vodiy viloyatlarida, 2024-yilda esa qolgan hududlarda to‘liq tugatish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, aerosuratlar asosida qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilish tizimini yaratish rejalashtirilmoqda.

Sohada zamonaviy aerofotokamera va dronlar qo‘llanayotgani natijasida ko‘p zaxiralar aniqlanmoqda. Masalan, Qarshi tumanida ekin yerlari 45 ming gektar deb ko‘rsatib kelinayotgan bo‘lsa-da, hisobotda yaylov bo‘lib turgan 5 ming 100 gektar maydon ham aslida sug‘oriladigan yer ekani aniqlandi. Bu budjetga qancha tushum, qancha ish o‘rni va daromad yo‘qotilyapti, degani, deyiladi xabarda.

Umuman olganda, qishloq xo‘jaligida 286 ming gektar yerning huquq belgilovchi hujjatlari to‘liq emas. Doimiy foydalanish uchun ajratilgan 460 ming gektar yerning huquqiy maqomi aniq emas. 159 ming gektar yerning hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qiladi.

Oqibatda jami 900 ming gektardan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmasdan turibdi. Kadastri yo‘qligi sababli ularni takroriy ekinlar uchun rasman ikkilamchi ijaraga berish imkoni bo‘lmayapti. Bular tufayli kamida 300 ming ish o‘rni, takroriy ekindan olinayotgan mahsulot hamda norasmiy ijaraning hisobi yuritilmayapti.

kadastr, шавкат мирзиёев

Prezident kadastr hujjatlari bo‘lmagan yerlardan foydalanish samaradorligini o‘rganish vazifasini qo‘ydi. Bu masala bilan tuman hokimliklaridagi xalq deputatlari kengashlari ishchi guruhlari shug‘ullanadi. Dehqon va fermerlar yerlardan samarali foydalansa, ular bilan ijara shartnomasi tuzilib, kadastr ro‘yxatiga olinadi. Oqilona ishlatilmayotgan yerlar hokimliklar zaxirasiga qaytariladi.

Mutasaddi vazirliklarga ushbu tizimni amaliyotga joriy qilish, kelgusi yil aerosuratga olish va qishloq xo‘jaligi yerlari kadastrini to‘liq yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda 817 ming gektar yer aholi yashash joyi va sanoat hududiga aylanib ketgan, ammo hisobotlarda qishloq xo‘jaligi yerlari toifasida turibdi. Kadastr agentligi va hokimliklarga bu noaniqliklarni hal qilish, amaldagi “yer balansi”ni hisobotda to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Suv xo‘jaligida ham hujjati yo‘q ko‘p yerlar bor. Ulardan qo‘shimcha iqtisodiy samara olishning yo‘li — to‘liq kadastrdan o‘tkazish.

Shavkat Mirziyoyev kanal va kollektorlar, tabiiy ko‘l va daryolar oldidagi yerlarni hujjatlashtirib, aholiga eksportbop ekinlar uchun berish bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Yo‘l xo‘jaligida muayyan ichki yo‘llar va unga tutash yerlarda hujjat yo‘q. Masalan, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ichki yo‘llar chegarasini belgilash vaqtida auksionga chiqarsa bo‘ladigan 2 ming 700 dan ziyod bo‘sh yer uchastkasi aniqlangan. Shu bois kelgusi yil “Tashabbusli budjet” va “Mening yo‘lim” loyihalari doirasida ichki yo‘llarning kadastr hujjatini tayyorlash ham nazarda tutiladi.

2021-yil oxirida prezident kadastr muammolarining markazida “pora va korrupsiya” turganini aytgandi.