Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari rahbarlari bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Bu haqda 21-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.

Ilgari Kadastr agentligi Davlat soliq qo‘mitasi tarkibida bo‘lgan davrda Kadastr agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari, Davlat kadastr palatasi raisi va uning o‘rinbosarlari Kadastr agentligi direktorining taqdimiga binoan Davlat soliq qo‘mitasi raisining qarori bilan lavozimga tayinlangan va lavozimidan ozod etilgan.

Biroq 2022-yil oxirida ma’muriy islohot doirasida Kadastr agentligi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga o‘tkazildi va agentlikning rahbarlari vazir tomonidan lavozimga tayinlangan va lavozimidan ozod etilgan.

Yig‘ilishda kadastr sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish ham muhim vazifalardan biri bo‘lib qolayotgani ham ta’kidlandi. O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq mutaxassis ishlaydi, biroq ushbu soha uchun kadrlar tayyorlaydigan 10 ta oliy o‘quv yurtida o‘qitish sifati “zamondan orqada”.

“Ularda fakultet va kafedralar tushunib-tushunmasdan ochilgani, o‘quv dasturlari va ta’lim metodikalari eskirgani aytildi. Shu bois, 10 ta oliygoh rektorlariga Kadastr agentligi bilan birgalikda kelgusi yilda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish, yangi o‘quv adabiyotlari va xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelishga ko‘rsatma berildi”, — deyiladi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabarida.