Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda nutq so‘zladi.

Xalqimiz yaxshi hayot kechirsin, og‘iri yengil bo‘lsin, deb Surxondaryoga shu yilning o‘zida uchinchi marotaba juda katta niyatlar va aniq rejalar bilan keldim, — deya davlat rahbaridan iqtibos keltirdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Payshanba kuni prezident Surxondaryoda umumiy qiymati 3,3 milliard dollar bo‘lgan to‘rtta yangi yirik sanoat loyihasi bilan tanishdi. Xususan, 2024-yilda Boysun shahrida umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarga teng gaz-kimyo majmuasi ishga tushirilishi munosabati bilan quyidagilar kutilmoqda:

  • yiliga 5 milliard kub metr gazni tozalash, 6 trillion so‘mlik tabiiy gaz va oltingugurt ishlab chiqarish;
  • Surxondaryoga yiliga o‘rtacha 120 million dollarga qo‘shimcha eksport tushumi;
  • geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralarini ochish, 2−3 yil ichida mamlakatning to‘liq neft mustaqilligiga erishish.

Hozir ushbu “Mustaqillikka 25 yil” majmuasi (M-25) 7000 kishini ish bilan ta’minlamoqda. Prezident topshirig‘iga ko‘ra majmua atrofida kooperatsiya yo‘lga qo‘yilib, qo‘shni tumanlar aholisi uchun kamida 2 mingta yuqori rentabellikdagi ish o‘rni yaratiladi.

Bu yerda 85 MVt quvvatga ega elektr stansiyasi ham qurilgan. U nafaqat majmua ehtiyojlari, balki butun Boysun aholisi uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradi, deyiladi xabarda.

Saneg kompaniyasi Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi slanets konini o‘zlashtirishni boshladi. Slanets rudasini o‘zlashtirish loyihasi Shavkat Mirziyoyevga 16-noyabr kuni kon-kimyo majmuasiga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan edi. Geologik qidiruv natijalariga ko‘ra, konning zaxiralari C1 toifasidagi slanets rudasi 55 million tonnani tashkil etadi, deya ta’kidlaydi kompaniya.

Saneg kompaniyasi bosh direktorining strategik loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Nazarovning ma’lum qilishicha, konning geologik tuzilishi, slanets chuqurligi va tarqalish maydonini o‘rganish davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda kon zaxiralari 400 million tonnagacha yetishi mumkin.

Bunga erishish uchun yaqin bir necha yil ichida umumiy qiymati 10 million dollardan ortiq bo‘lgan topografik tadqiqotlar, eletr qidiruv, razvedka quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilgan.

Kompaniya sintetik neft, gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun slanets rudalarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. 2024-yil oxirigacha qaynovchi sirkulyatsiya qatlami texnologiyasidan (SQT-1500) foydalangan holda to‘rtta qurilmani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ularning har biri yiliga 1,5 million tonnagacha slanets rudasini qayta ishlash orqali 800 ming tonna neft, 300 million kub metr gaz va 150 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kelgusi besh yil ichida Saneg SQT-1500 qurilmalari sonini 25 taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ular yiliga 37,5 million tonnagacha xomashyoni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan O‘zbekistonga neft yetkazib berish hajmini 1 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan. Bu 2023-yilda import qilinishi rejalashtirilgan neft hajmidan (300 ming tonna) uch baravar ko‘p.

2023-yil boshida O‘zbekistonga benzin importi hajmi bir necha barobar oshdi. Birinchi to‘rt oyda 335,2 million litr yetkazib berildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 million dollarni yoki litri uchun 0,4 dollarni tashkil etdi. Hajmlarning deyarli barchasi Rossiyaga hisobiga to‘g‘ri kelgan.