O‘zbekistonning birinchi xonimi, Zamin xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Istanbul shahrida o‘tkaziladigan “Falastin uchun yagona yurak” sammitida ishtirok etadi. Bu haqda delegatsiyalarni kutib olgan Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yasin Ekrem Serim Instagram`dagi sahifasida ma’lum qildi.

U joylagan videodan ko‘rish mumkinki, O‘zbekiston birinchi xonimiga Turkiyaga tashrif davomida uning kenja qizi — Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qilmoqda.

Sammitda dunyoning qator davlat va hukumat rahbarlarining turmush o‘rtoqlari hamda maxsus vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Xususan:

  • Bangladesh prezidentining rafiqasi Rebekka Sultana;
  • Pokiston bosh vazirining rafiqasi Sadiya Rahmatulloh;
  • Malayziya qirolichasi Tunku Aziza;
  • Livan bosh vazirining rafiqasi Mey Mikati;
  • Bosniya va Gersegovina prezidentlik kengashi direktorining rafiqasi Sabina Komsich;
  • Falastin prezidentining rafiqasi Amina Abbosning shaxsiy vakili Ferial Kamel Abdairahmon Salem;
  • Qatar amirining onasi Shayxo Moza Bint Nosir Al Misnad;

Dolmabahche saroyida o‘tkaziladigan sammitda Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdog‘anning ochilish nutqidan so‘ng, mehmon xonimlarning ham nutq irod etishi kutilmoqda.

Tashkilotchilar sammit G‘azo sektoridagi tinch aholining o‘limini oldini olish va mintaqada tinchlik o‘rnatish uchun xalqaro hamjamiyatga birdamlik signalini berishiga ishonch bildirmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston BMT Bosh assambleyasining G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Isroil-Falastin mojarosi haqida gapirib, tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlar va o‘t ochishni to‘xtatishga hamda sulh tuzishga chaqirgandi. Prezident “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini qo‘llash tarafdori ekanini va O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun 1,5 mln dollar ajratishini bildirgan.