Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar yer maydoni Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilishi hisobiga poytaxtda 13-tuman — Yangi Toshkent tumani tashkil etilishi mumkin. Bu bo‘yicha Qonunchilik palatasi qarori loyihasi 25-noyabrgacha davo etadigan muhokamalar uchun e’lon qilindi.

Loyihada Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar, shu jumladan, Yuqori Chirchiq tumanidan 17 323,31 gektar (shundan 11 147,29 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) va O‘rta Chirchiq tumanidan 2406,1 gektar (shundan 1 758,41 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydonlari Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Taklifga ko‘ra, Yangi Toshkent tumaniga quyidagi hududlar kiritiladi:

Yuqori Chirchiq tumanidan

  • “Istiqbol”, “Darxon”, “Usmonobod”, “Navoiy”, “Jaloltepa”, “Obodon”, “Guliston”, “Bahor”, “Xvan T.G”, “Yashnobod”, “Uch chinor”, “Nurafshon”, “Mirobod”, “Fayziobod”, “Ahmad Yassaviy”, “Baliqchi”, “Yoshlik”, “Tinchlik”, “Iyk-ota”, “Birlik” MFYlar hududlari;
  • “Istiqlol”, “Gulobod”, “O‘zbekiston”, “Navro‘z”, “Qorasuv”, “Oq ovul”, “Ma’rifat”, “Jumabozor”, “Nurli yo‘l”, “Farovon”, “Yangi hayot”, “Saxovat”, “Qizilsoy” MFYlar hududlarining bir qismi.

O‘rta Chirchiq tumanidan

  • “Sholikor”, “O‘choqli”, “Bunyodkor”, “Mashal” MFYlar hududlari;
  • “Mustaqillik”, “Gulobod”, “Yangiturmush” MFYlar hududlarining bir qismi.

2021-yil 31-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent barpo etilishi, poytaxt esa “yashil hudud” ga aylantirilishi haqida ma’lum qilgandi.

Joriy yil mart oyida esa poytaxtdagi davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chirilishi, shuningdek, loyiha doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 mln aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratilishi bildirilgan. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Yangi Toshkentda “eski” Toshkent bilan bog‘langan tramvay va metroning yagona tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan. “Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib borish mumkin… Avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmaydi” , — degandi o‘shanda qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov.

sentabr oyida Yangi Toshkentning bosh rejasi loyihasi bilan tanishgan Mirziyoyev “Yangi Toshkent loyihasini boshlamasak, Toshkentda besh yildan keyin odamlar yashay olmaydi”, deya ta’kidlagandi.

So‘nggi bor poytaxtda 2020-yilda yangi tuman — Yangihayot tumani tashkil etilgan.