Italiya prezidenti Serjo Mattarella 9−11-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil iyun oyidagi Italiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi. Sammit yakunida qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, prezident Serjo Mattarella Samarqand va Xiva shaharlariga tashrif buyurib, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.

Tashrif haqida avvalroq Italiya OAVlari xabar bergan edi. Agenzia Nova Toshkent bilan hamkorlik Italiya uchun, ayniqsa, mamlakatning Yevropa va Uzoq Sharq, shuningdek, Rossiya va Xitoy kabi yirik mintaqaviy davlatlar o‘rtasidagi tarixiy bog‘lanish mintaqasida joylashgan strategik mavqeyi tufayli alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlagandi.

“Shu nuqtai nazardan, Rim O‘zbekistonga G‘arb bilan munosabatlarni mustahkamlashda yordam berishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan edi.