26−30-dekabr kunlari Samarqand shahrida shaxmatning rapid va blits turlari bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich ma’lum qildi.

Besh kun davom etuvchi turnirda rapid va blits bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib boradigan dunyoning eng yaxshi shaxmatchilari ishtirok etadi, deyiladi xabarda. Chempionat ochiq va ayollar o‘rtasidagi turnirlarni o‘z ichiga oladi.

“FIDE O‘zbekistonning shaxmat bo‘yicha boy an’analarini va yaqinda shaxmat bo‘yicha super davlat sifatida namoyon bo‘lganini e’tirof etadi. Shaxmatga qilingan bu fidoyilik va sarmoya bizni ushbu nufuzli musobaqani o‘tkazishni O‘zbekistonga ishonib topshirishimizga turtki bo‘ldi”, — dedi tashkilot prezidenti Arkadiy Dvorkovich.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston 2026-yilgi shaxmat olimpiadasiga ham mezbonlik qiladi.

FIDE rahbari O‘zbekistonning shaxmat olamida jadal o‘sib borayotganini ta’kidladi. Yaqinda yakunlangan FIDE Grand Swiss 2023 turnirida uch nafar o‘zbekistonlik sportchi kuchli 15 talikdan joy oldi, mamlakat 2022-yilgi shaxmat olimpiadasida 188 ta raqobatchi jamoalar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi va jahon chempionatida Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Nodirbek Abdusattorov 2021-yilda rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni (17 yoshida) unvonini qo‘lga kiritgan eng yosh shaxmatchiga aylandi.