O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov 8−9-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti arafasida “Gazeta.uz” muxbirining tadbir kun tartibi va mamlakatning undan kutilmalari bo‘yicha savollariga javob berdi.

— O‘zbekiston 1992-yilda IHTga a’zo bo‘lgan, ammo tashkilot faoliyati unchalik faol bo‘lmagan, 2012-yildan keyin esa oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilmagan. Ammo 2017-yildan boshlab davlat rahbarlarining sammiti muntazam ravishda har ikki yilda bir marta o‘tkazila boshlandi. Oxirgi yillarda IHTning faollashgani nima bilan bog‘liq?

— IHT — umumiy tarix, madaniyat va dinga ega yarim milliard insonni birlashtirgan 8 million kvadrat kilometrlik ulkan maydon. Uning hududi bir tomondan Hind okeani va O‘rta yer dengizi, ikkinchi tomondan qit’alararo quruqlik va dengiz savdo yo‘llari o‘rtasida joylashgan bo‘lib, dunyoning eng strategik ahamiyatga ega mintaqalaridan biri hisoblanadi.

IHT davlatlari bir-birini to‘ldiradigan ulkan tabiiy, intellektual, sanoat, agrar va texnologik resurslarga ega. Iqtisodiy, savdo, transport, energetika aloqalari ana shu omillar va geografik omillar tufayli organik hamda tabiiy sanaladi.

Ishtirokchi davlatlar o‘zaro bog‘liqlikni va foydalanilmagan salohiyatni ishga tushirishi zarurligini, yaqinroq hamkorlikdan keladigan umumiy afzalliklarni tobora chuqurroq anglab yetmoqda va shuningdek, bundan keyingi iqtisodiy yaqinlashuvga ham tayyor ekanini va entuziazmni his qilmoqda.

Global ta’minot zanjirlarining beqarorlashuvi va jahon bozorlaridagi volatillik sharoitida mamlakatlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga intilayotgani mantiqan butunlay to‘g‘ri. Bunga savdo, iqtisodiy va transport aloqalarining hozirda kuzatilayotgan mintaqaviylashuvi yordam bermoqda.

Bu dinamik jarayonlarning barchasi prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosati va iqtisodiy diplomatiyasi keskin faollashgan davrga to‘g‘ri keldi. Davlat rahbari tashkilotning 2021-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Ashxoboddagi sammitida savdo, sanoat kooperatsiyasi, ekologiya va turizm sohalarida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surgandi. Ularning barchasi umumiy manfaat va intilishlarga mos kelgani sabab tashkilotning boshqa a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangandi.

2022-yilning o‘zidayoq mamlakatimiz ilk bor tashkilotga raislikni o‘z zimmasiga oldi va uni “IHT doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yili” shiori ostida o‘tkazdi. Bu yil esa Toshkent 9-noyabr kuni “Birgalikdagi iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan sammitga mezbonlik qiladi.

Bunday yondashuv IHT makonidagi munosabatlarga sezilarli dinamizm berib, ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni amalda mustahkamlashga yordam berdi.

— Ma’lumki, IHT a’zosi bo‘lgan Afg‘oniston bu sammitda ishtirok etmaydi. Sizningcha, Afg‘oniston qanday sharoitlarda IHTdagi ishtirokini tiklashi mumkin?

— Haqiqatan ham Afg‘oniston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti a’zosi hisoblanadi. Biroq, mamlakatdagi 2021-yil avgust oyida kuzatilgan ichki siyosiy o‘zgarishlar tufayli u o‘shandan beri tashkilot faoliyatida vaqtincha ishtirok etmayapti.

Toshkent sammiti IHTning Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tadigan ikkinchi sammiti bo‘ladi.

Qolaversa, bu Afg‘oniston rasman a’zo bo‘lib qolayotgan, lekin ularning joriy faoliyatida ishtirok etmayotgan boshqa mintaqaviy va xalqaro tuzilmalarga ham taalluqli hisoblanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va farovon davlatga aylanishi tashkilot makonida barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishning muhim sharti, deb hisoblaydi va barcha IHTga a’zo davlatlar singari Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvidan manfaatdor.

Ammo Afg‘onistonning IHT faoliyatida to‘laqonli ishtirok etishi tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida umumiy kelishuv bo‘lganda va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq, xalqaro hamjamiyat tomonidan ushbu davlatning muvaqqat hukumati tan olinganidagina mumkin bo‘ladi.

— Ushbu tashkilot doirasida O‘zbekiston uchun qaysi masalalar ustuvor hisoblanadi? O‘zbekiston IHT doirasidagi hamkorlikdan nimani kutmoqda?

— O‘zbekiston uchun mamlakatimiz ishtirok etayotgan har qanday ko‘p tomonlama tuzilmadagi ustuvor yo‘nalishlar va kutilmalar davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosati boshida turgan yagona maqsadga asoslanadi — xalqaro hamkorlikdagi aniq loyihalarini amalga oshirish yo‘li bilan respublikaning imkoniyatlari va salohiyatini realizatsiya qilish hamda bu orqali xalqimizning farovon hayot kechirishini ta’minlash.

Shu nuqtai nazardan, yarim milliarddan ortiq aholiga ega IHT makoni savdo va transport aloqasi tomondan bizda katta qiziqish uyg‘otadi.

Biz avvalo ishtirokchi davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdormiz, chunki mahsulotimizni eksport qilishning har bir imkoniyati yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ish o‘rinlari yaratish uchun resurs sanaladi. Shu sababli biz platforma doirasida savdo hajmini oshirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish hamda tovarlar va xizmatlar harakatini soddalashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ilgari surish niyatidamiz.

IHTdagi faoliyatimizning yana bir ustuvor yo‘nalishi transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytirishdan iborat. Bu biz kabi dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan boshqa a’zo davlatlar uchun ham ustuvor yo‘nalish sanaladi.

Bu ikki asosiy ustuvor yo‘nalishdan tashqari, O‘zbekistonning IHT doirasidagi harakatlarining sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, energetika, turizm, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi o‘zaro hamkorlik, madaniy-gumanitar hamkorlik kabi asosiy yo‘nalishlarini ham alohida ta’kidlab o‘tish kerak.

O‘zbekiston har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi IHT makonida iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlaydigan aniq dasturlar va yo‘l xaritalarini qabul qilishni taklif qilmoqda.

— 2021-yilda taklif qilingan bojxona jarayonlarini raqamlashtirish va savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha savdo kelishuvi hozir qaysi bosqichda?

— Savdo — IHT kun tartibidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri va bu mantiqan butunlay to‘g‘ri. Bu yerdagi joriy ko‘rsatkichlar a’zo davlatlarning real imkoniyatlarini, ayniqsa, ularning umumiy salohiyatini inobatga olgandagi imkoniyatlarini aks ettirmaydi.

2022-yilda bu ko‘rsatkich 80 milliard dollar deb qayd etildi, bu tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizini tashkil etadi.

Mintaqalararo savdoni rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida IHT kotibiyati tomonidan Savdoni osonlashtirish to‘g‘risidagi bitim ishlab chiqildi, bu bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi 22-iyun kuni Anqarada bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur hujjat yuzasidan kelishuvga erishish jarayonini tezroq yakunlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlarda bu borada yakdil tushuncha mavjud, chunki mazkur bitimning kuchga kirishi mintaqaviy elektron savdo tarmog‘i ishga tushirilishi orqali bojxona ma’murchiligi, sanitariya va fitosanitariya nazorati, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash bo‘yicha yagona platformani yaratish imkonini beradi. Bunday chora-tadbirlar mintaqada savdo mexanizmini liberallashtirishga, yakunda esa mintaqaviy tovar aylanmasini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Eng muhimi, tomonlar o‘rtasida yakdil tushuncha va umumiy manfaatdorlik mavjud, bu esa birgalikda oldinga intilishning muhim sharti hisoblanadi.

— O‘zbekistonni okeanga olib chiqishi mumkin bo‘lgan eng qisqa yo‘l IHTga a’zo davlatlar orqali o‘tadi. Sammit doirasida O‘zbekistonga bu borada aniq takliflar bormi? O‘zbekiston mintaqada transport kommunikatsiyalarini yaxshilash uchun qanday choralarni taklif qiladi?

— Shubhasiz, O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan foydalanish IHTdagi barcha hamkorlarimiz uchun foydali, chunki mamlakatimiz mintaqadagi transport aloqasining ajralmas qismi hisoblanadi, ayniqsa Sharq va G‘arbning yirik bozorlarini bog‘lovchi yo‘nalishlarni yaratish masalasida gap borganda.

O‘zbekistonning “ko‘prik” sifatidagi muhim rolining amaliy ifodasi yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan transport vazirlari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya” multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish to‘g‘risidagi bayonnomaning qabul qilinishi bo‘ldi. Biz ushbu hujjatga tashkilotning boshqa a’zolari ham qo‘shiladi deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston o‘z hamkorlariga “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” va “Transafg‘on koridori” temir yo‘l loyihalariga jiddiy e’tibor qaratishni taklif etmoqda, chunki ular barcha a’zo mamlakatlar manfaatlariga mos keladi.

Tashkilotning 15-sammitida O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan tegishli mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha ishlar tezroq yakunlanishini kutyapmiz.

— Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilinadimi? IHTga a’zo davlatlar G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni koordinatsiya qilishi mumkinmi?

— Yaqin Sharqdagi voqealar sammit kun tartibida masalalardan bo‘lishi ko‘zda tutilmayapti, chunki IHT mohiyatan siyosiy tashkilot hisoblanmaydi va asosan iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan. Biroq ishtirokchilar o‘z chiqishlarida Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bayon etishlari va mojaroni hal qilish bo‘yicha takliflarini ilgari surishlari mumkinligi istisno qilinmagan.

G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamiga kelsak, ushbu masalada xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalasi bilan BMTning ixtisoslashgan tuzilmasi — Yaqin Sharq agentligi shug‘ullanadi. Bu tuzilma bilan, shu jumladan, IHTga a’zo davlatlar ham o‘zaro hamkorlik qiladi. O‘zbekiston prezidenti ham yaqinda G‘azo aholisiga yordam ko‘rsatish uchun shu agentlikka 1,5 million dollar o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgandi.