Toshkent shahar transport boshqarmasi va “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi (TSHTH) rahbari Anvar Jo‘rayevning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, boshqarma mutaxassislari tomonidan 8−10-noyabr kunlari jamoat transporti uchun aylanma yo‘llar sxemalari tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8−10-noyabr kunlari Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya rahbarlari ishtirok etadi. Shu munosabat bilan, avval yozganimizdek, bir qator markaziy ko‘chalarda transport harakati cheklanadi.

Anvar Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, markaziy ko‘chalar butunlay emas, balki faqat delegatsiyalar o‘tish vaqtida yopiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX)ning aniqlik kiritishicha, kortej o‘tayotganda piyodalar, velosipedchilar va skuterdagi odamlar yo‘lni kesib o‘ta olmaydi, biroq piyodalar yo‘lakchasida harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.

YHXB, shuningdek, “aholi harakatlanishi xavfsizligi ichki ishlar organlari xizmatlari tomonidan kuchaytirilishini” ta’kidladi. PPX va YPX xodimlari ham kuchaytirilgan rejimda ishlaydi.