O‘zbekiston Rossiya bilan gaz sohasidagi hamkorlikni uzoq muddatda rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1-noyabr kuni Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining yillik o‘sishi deyarli 1 million kishini tashkil etadi, iqtisodiyot esa qariyb 6 foizga o‘smoqda, bu esa energiya iste’molini kamida 10−15 foizga oshiradi.

“So‘nggi olti yil ichida elektr energiyasi iste’moli 40 foizga oshdi va 2030-yilgacha ham xuddi shunday sur’atda o‘sishni kutmoqdamiz. Tabiiyki, savol tug‘iladi, buni qanday ta’minlash kerak? Darhaqiqat, biz gaz qazib oluvchi davlatmiz, avvallari [gazni] sof eksportchisi bo‘lganmiz, ammo hozirgi sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini ta’minlash uchun tabiiy gazni import qilishga majburmiz”, — dedi u.

O‘zbekiston gazni Turkmanistondan, 7-oktabrdan esa Rossiyadan import qilmoqda.

“Biz bu bilangina to‘xtab qolmaslik niyatidamiz. Bu hamkorlikni uzoq muddatga rivojlantirish niyatidamiz. Qayta tiklanadigan energiyani joriy etish bo‘yicha juda katta rejalarimiz, xususan, quyosh va shamol energiyasi ulushini ko‘paytirish, [yangi energiya] saqlash tizimlarini yaratish, gidroenergetika ustida ishlash kabilar borligiga qaramay gazdan voz kechmaymiz. Hozirda elektr energiyasining 75 foizi gazdan foydalanib ishlab chiqarilmoqda”, — dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish tarkibida gaz ulushi qisqaradi, “lekin elektr energiyasi iste’molining umumiy ko‘rsatkichlarda o‘sishi hisobga olinsa, u o‘zgarmaydi”.

“Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlari bilan bir qatorda gaz uchun ham yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etmoqdamiz. Joriy yilning o‘zida biz 1,5 GVt quvvatga ega yangi bug‘-gaz stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz… Umumiy ishlab chiqarishda tabiiy gaz iste’moli darajasini saqlab qolgan holda, gaz ishlab chiqarish hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishni qariyb ikki baravar oshirishni rejalashtirganmiz. Ya’ni, tabiiy gaz kerak, biz bu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya gaz-kimyo sohasida gazni qayta ishlashni 2−3 barobarga oshirish niyatida, dedi Energetika vazirligi rahbari.

Forum doirasida Jo‘rabek Mirzamahmudov jurnalistlarga O‘zbekiston “Gazprom” bilan Rossiyadan gaz yetkazib berishning kelajakdagi hajmini, asosan kuz-qish mavsumining eng yuqori cho‘qqisiga to‘g‘ri kelishini muhokama qilayotganini aytdi. Avvalroq u Rossiyadan 300 million kub metrga yaqin gaz yetkazib berilganini ma’lum qilgandi.

“Gazprom” rahbari Aleksey Millerning aytishicha, 2024-yil o‘rtalariga qadar Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 15 yilga gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik sohasida majburiyatlarni belgilashni rejalashtirmoqda. Kompaniya ushbu mamlakatlardagi boshqa gaz quvurlari tizimlaridan foydalanishga tayyorligini bildirdi.