O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni Samarqandda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokara yakunlari bo‘yicha bayonot berdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlanayotganini, mamlakatlar o‘rtasida “katta ishonch va ochiqlik asosida yanada rivojlantirish uchun ulkan poydevor yaratilayotganini” ta’kidladi.

“Biz munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatida ekanimizni kelishib oldik. Bu juda katta maqom bo‘ladi, bu maqomga munosib bo‘lish uchun juda katta ishlar amalga oshirishimiz kerak. Har bir yo‘nalishlar bo‘yicha mustahkam poydevor qo‘ydik, deb o‘ylayman”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev yil boshidan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar, qo‘shma korxonalar soni esa keyingi yillarda 4 barobarga oshganini ta’kidladi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini “keskin” oshirish, investitsiya loyihalarini faollashtirish, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning moslashuvchan mexanizmini joriy etish, biznes uchun yanada qulay sharoit yaratish va tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Davlat rahbari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yoki ushbu mamlakatga qiziqish bildirayotgan Fransiya kompaniyalarini sanab o‘tdi va ularga murojaat qildi:

“Sizlarni yana bir bor ishontirib aytmoqchimanki, biz O‘zbekistonda barchangiz uchun sharoit yaratishga tayyormiz. Bugun prezident sifatida men sizga kafolat bermoqchimanki, sizning O‘zbekistondagi faoliyatingiz va kelgusidagi hamkorligimiz prezident va O‘zbekiston hukumati tomonidan kafolatlanadi. Mana shunga siz hech qachon shubha bo‘lishi kerak emas, shunga sizlar ishoning”, — deya ta’kidladi u.

Unga ko‘ra, Fransiya kompaniyalari va moliya institutlarining sarmoyaviy loyihalari portfeli 10 milliard yevrodan oshadi.

O‘zbekiston prezidenti energetika, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, infratuzilmani rivojlantirish, transport, qishloq xo‘jaligi, bank va moliya kabi sohalarda qator yirik loyihalar allaqachon o‘zining natijasini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Ishbilarmonlik hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya Savdo palatasi ishga tushirilishi va 2024-yilda Toshkentda Business France agentligi ofisi ochilishi rejalashtirilgan.

Prezident xalqaro hamjamiyat murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolarga duch kelayotganini ta’kidladi. “Bu xatarlar iqtisodlarimizni rivojlantirish va birgalikda yanada yaqinroq harakat qilish uchun yangi imkoniyatlar izlashni taqozo etmoqda. Tor doiradagi va delegatsiyalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda bu haqda kelishib oldik”, dedi u.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy islohotlar orqaga qaytmasligiga ishontirdi. “Orqaga yo‘l yo‘q — faqat oldinga. Biz barcha imkoniyat va shart-sharoitlarga ega ochiq iqtisodiyot siyosatini davom ettiramiz, boshqa yo‘l yo‘q. Xalqimizga shuni va’da berganmiz, tadbirkorlarimizga va’da berganmiz. Bunga albatta munosib bo‘lamiz”, dedi O‘zbekiston rahbari.

Unga ko‘ra, asosiy maqsad kuchli fuqarolik institutlari, zamonaviy infratuzilma va qudratli sanoatga ega demokratik davlat qurishdir.

Prezident Fransiya hukumati, kompaniyalari va moliya institutlari O‘zbekistonni bu yo‘lda faol qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.

Hamkorlik yo‘nalishlari

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Fransiya biznesi “yashil” iqtisodiyot sohasida strategik sheriklikni rivojlantirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi. EDF, Total Energy, Voltalia bilan birgalikda yirik loyihalar allaqachon boshlangan.

Ikkinchi yo‘nalish — Orano kompaniyasi bilan birgalikda strategik xomashyoni ilg‘or texnologiyalar yordamida qayta ishlash va sanoat tovarlarini eksport qilish, uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish. O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Orano kompaniyasi rahbari Klod Imoven bilan uchrashdi. Uchrashuvda geologiya-qidiruv va uran qazib olish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Bloomberg avvalroq tomonlar Fransiyaga o‘zbek uranini yetkazib berish masalasini muhokama qilishini xabar qilgan edi.

2022-yil noyabr oyida Geologiya davlat qo‘mitasi, Navoiyuran va Orano o‘rtasida uran qazib olish va qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangan edi. O‘zbekiston “yadroviy yoqilg‘i qiymat zanjiri”da Fransiya modeliga e’tibor qaratmoqchi. Orano “bir necha yuz million yevro” sarmoya kiritishga tayyorlanayotganini aytdi.

Orano O‘zbekistonda Nurlikum Mining qo‘shma korxonasi (51 foizi Oranoga va 49 foizi “Navoiyuran”ga tegishli) orqali tegishli loyihada ishtirok etadi. Nurlikum Mining kompaniyasi Jelgendi uran konini o‘zlashtirish loyihasi bilan shug‘ullanadi, deyiladi kompaniya saytida.

Uchinchi yo‘nalish — suv resurslarini samarali boshqarish va zamonaviy infratuzilmani yaratish. Suez, Veolia va boshqalar bilan loyihalar allaqachon amalga oshirilmoqda.

To‘rtinchi yo‘nalish — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda, shuning uchun u Fransiya kompaniyasi Rungis Semmaris`ning Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida mahsulotlar ulgurji savdosi uchun agrologik markazlar qurish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda.

O‘zbekiston va Fransiya prezidentlari ishtirokida sakkizta, jumladan, Samarqand frantsuz alyansi, ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilash, ta’lim va madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.