Toshkent markazida Amir Temur maydoni yonidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank” ofislari joylashgan ofis binolari “Mikrokreditbank” (MKBank) tomonidan sotib olindi. Bu haqdagi ma’lumotlarni davlat xaridlari portalidan topish mumkin.

Binolar bankka 11-oktabrda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan. Zero prezidentning 2018-yildagi qarori bilan davlat idoralari ko‘chmas mulkni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishi va ijaraga olishi mumkin.

Raqamli texnologiyalar vazirligi binosi 69,85 mlrd so‘mga, “Aloqabank”ning sobiq ofisi esa 317,15 mlrd so‘mga (jami 387 mlrd so‘mga) sotilgan. Shartnomalarga ko‘ra, “Mikrokreditbank” bitim imzolanganidan keyin bir oy muddatda binolar qiymatining 35 foizini, qolgan qismini esa 2024-yilning oktabr-noyabr oylarigacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashi shart.

Moliyachi Otabek Bakirov bankning uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha hisobotiga tayanib, “Mikrokreditbank” kapitalining rentabelligi 0,7 foizni tashkil etishi, ya’ni davlat 1 mlrd so‘m mablag‘ kiritib, atigi 7 mln so‘m daromad olishini ta’kidladi. 1-oktabr holatiga yuqori likvidli aktivlarning umumiy aktivlardagi ulushi kamida 10 foiz bo‘lishi kerak bo‘lsada, 7,1 foizni tashkil etdi.

Sotuv tarixi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi birinchi marta AKT vazirligi (o‘sha paytda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) joylashgan binoni 2022-yil aprel oyida kimoshdi savdosiga qo‘ydi. obyekt 0,26 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni — 3666 kv.m.

Xuddi shu majmuada vazirlik bilan yonma-yon joylashgan “Aloqabank”ning bosh ofisi o‘sha yilning noyabr oyida kimoshdi savdosiga qo‘yilib, eng qimmat lotga aylandi. 2013-yilda qurilgan, maydoni 7345 kvadrat metr bo‘lgan bino xaridorga mebel va ofis jihozlari bilan 302,04 mlrd so‘mga taklif etildi.

4-aprel kuni bo‘lib o‘tgan kimoshdi savdosi natijasida bino samarqandlik tadbirkor Xurshid To‘rayevga aloqadorligi aytilayotgan Black Gold Industry News kompaniyasi tomonidan sotib olindi. U obyektlar uchun 386,99 mlrd so‘m taklif qildi. Ayni paytda xaridorning ustav kapitali atigi 8 mln so‘mni tashkil qilardi. Shu bilan birga, kim oshdi savdosidan bir kun avval “Aloqabank” kompaniyaga 15 yil muddatga 14 foizli imtiyozli stavkada 390 mlrd so‘m (bank aktivlarining 20,4 foizi) kredit berdi.

May oyi boshida O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov bitimlar bekor qilinganini bildirdi.