Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan yaqin oylarda Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasi imzolanishiga umid bildirdi, deya xabar qildi News.am.

“Biz hozir Ozarbayjon bilan tinchlik va munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha kelishuv loyihasi ustida ishlayapmiz, umid qilamanki, bu jarayon yaqin bir necha oy ichida yakunlanadi”, — dedi Pashinyan 26-oktabr kuni Tbilisidagi “Ipak yo‘li” xalqaro forumida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan va Boku 1991-yildagi Olmaota deklaratsiyasiga ko‘ra bir-birining hududiy yaxlitligini tan olishlari to‘g‘risida kelishuvga erishgan, unga ko‘ra Armanistonning maydoni 29,8 ming kv. km.ni tashkil qiladi. Ozarbayjonning maydoni esa 86,6 ming kv. km. Ozarbayjonning bu hududi Tog‘li Qorabog‘ yerlarini o‘z ichiga oladi.

Bir hafta oldin Armaniston hukumati rahbari Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvlari chog‘ida ham Yevropa Ittifoqi vositachiligida Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tuzilganini ma’lum qilgan edi.

19-sentabr kuni Ozarbayjon Qorabog‘da “aksilterror tadbirlari” boshlanganini e’lon qildi. Ertasi kuni Qorabog‘ hukumati o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlar tuzilganini e’lon qildi. 28-sentabr kuni tan olinmagan respublika prezidenti Samvel Shaxramanyan 2024-yil 1-yanvardan uning faoliyatini tugatish hamda barcha davlat muassasalari va tashkilotlarini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mintaqa to‘liq Ozarbayjon nazoratiga o‘tganidan so‘ng 100 mingdan ortiq etnik arman Qorabog‘ni tark etdi.