Kuni kecha “Potrebitel.Uz” Facebook-guruhi a’zosi Yelena Akbarova Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi yangi ko‘p qavatli uylardan birida lift tushib ketganini ma’lum qildi.

“Lift odamlar bo‘lgan 9-qavatdan 5-qavatgacha qulab tushdi (o‘sha qavatda xayriyatki, tormoz ishlagan). Odamlar hali ham shok holatida. Tekshirish jarayonida lift quruvchi VEK (vekbuilding.uz) tomonidan amaldagi [boshqaruv kompaniyasiga] foydalanishga topshirilmagani ma’lum bo‘ldi”, — deb yozdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim liftlar ehtiyot qismlar yetishmagani uchun hali ham ishlayotgani yo‘q.

“Uylar qariyb 3 yildan beri foydalanilmoqda, hujjatlar va liftlar hali ham tartibga keltirilmagan. Bu dahshatli va qo‘rqinchli, ayniqsa, so‘nggi paytlarda lift bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tez-tez uchraganini hisobga olsak”, — dedi ayol.

liftдаги nosozлик, liftning tushib кетиши, lift, yangi uyлар, тошкент, vek

Foto: Toshkent hokimligi

Toshkent hokimligi matbuot xizmati katta mutaxassisi Gulnoza Qosimova “Gazeta.uz”ga lift bilan bog‘liq hodisani tasdiqladi. “Favqulodda holatga liftning harakatda bo‘lgan vaqtida kimdir boshqa qavatda turib eshiklarni ochishga uringani sabab bo‘lgan”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uy belgilangan tartibda foydalanishga topshirilmagan, ya’ni hokimlik tomonidan davlat qabulidan o‘tmagan. “Shunga qaramay, quruvchi aholiga ko‘chib o‘tishga ruxsat bergan. Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Vaziyat prokuratura va tuman hokimligi matbuot xizmati vakillari tomonidan o‘rganildi”, — deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.

VEK kompaniyasi direktori Oybek Umarovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, davlat qabuli 2020-yilda amalga oshirilgan, aks holda “suv, elektr va gaz ulanmagan, joriy hisob bo‘lmagan bo‘lardi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab uy bir necha oy davomida UJMSH tomonidan boshqarilgan, ammo keyinchalik aholi boshqaruv kompaniyasini yollagan.

“Biz liftni sinovdan o‘tkazdik, xulosa oldik, ammo boshqaruv kompaniyasi uni o‘z balansiga qabul qilishi kerak edi. U bu ishni qilmadi. Qolaversa, liftlarni o‘rnatgan va har oyda ko‘rikdan o‘tkazuvchi lift korxonasi bilan shartnomani bekor qilgan, xizmat narxi yuqoriligi sababli, ya’ni oyiga 200 ming so‘m to‘lashni istamagan. Shundan so‘ng, boshqaruv kompaniyasi „ko‘chadan“ boshqa lift kompaniyasini jalb qilgan, u esa liftlar ishlashi uchun chipga „ulagich“ o‘rnatgan”, — dedi u.

Oybek Umarov voqea sodir bo‘lgan kuni elektr tarmog‘ida qisqa tutashuv sodir bo‘lgani, shu sababli lift tushish vaqtida 5-qavatda to‘xtab qolganini ta’kidladi. “Lift tushib ketmadi, u to‘qqizinchi qavatdan birinchi qavatga tushayotgan bo‘lgan va beshinchi qavatda to‘xtagan”, dedi u.

Kompaniya rahbari boshqaruv kompaniyasiga lift kompaniyasi bilan shartnomani tiklashi uchun xat yuborganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Toshkentning Yangixayot tumanidagi 16 qavatli uyda yuk lifti tushib ketib, 11 kishi jabrlangandi.

Iyul oyida Toshkentda pochtachi bo‘lib ishlagan 32 yoshli Olga Leonteva xatlarni manzillarga yetkazib, uyiga qaytmagandi. Uning jasadi yangi binolardan birining liftidan topilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, lift nosoz bo‘lgan.

Oliy Majlis Senati O‘zbekistondagi yangi binolarda 400 ga yaqin liftlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagani haqida ma’lum qildi. Parlamentning yuqori palatasi yangi uylarni qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tarkibiga liftlarning texnik holatini nazorat qilishni o‘z ichiga olgan Sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi kiritilmaganini ta’kidladi.