O‘zbekistonda poyezd chiptalarining arzonligidan foydalangan chayqovchilar ularni sotib olib, ustiga pul qo‘yib, yo‘lovchilarga qaytadan sotmoqda. Chipta narxlarining arzonligi ularning qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov shanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi, deya yozadi Kun.uz. U chayqovchilarni “sotqinlar” deb atadi.

“Chiptalarimiz shu qadar arzonki, ba’zi odamlar shu biletni sotib olib, ustiga yana qo‘yib boshqalarga sotadi, sotolmasa, poyezd ketishidan oldin 15 ming so‘m jarimasini to‘lab qaytarib beradi. Agar uni birovga sotsa, 15 mingmas, 100 ming, 150 ming so‘m foyda qiladi. Bizning o‘zimiz odamlarga arzon tariflar qilamiz, xalq rozi bo‘lsin deb, o‘zimiz mana shu korrupsion tizimni yaratdik. Mana sizlarga oqibat”, — dedi u.

Shu oyda kompaniya O‘zbekiston bo‘ylab poyezd chiptalari tariflarini oshirishni rejalashtirmoqda. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalar narxi 50 foizga oshiriladi. “Afrosiyob” tezyurar poyezdiga esa chiptalar 100 foizga qimmatlashadi.

Bundan tashqari, jarima miqdorini oshirish ham rejalashtirilgan. Bu odamlarning noroziligini keltirib chiqarishi mumkin. Ammo “agar u narsani qilmasak, ko‘cha chayqovchilar bilan to‘la bo‘ladi. Tartibli odamlar esa oilasi bilan Samarqandga borish uchun chipta sotib ololmaydi va yana ko‘chadan o‘shanday „afiristlarni“ qidirib yuradi”, — dedi u.

Hikmatulla Rahmetovning qo‘shimcha qilishicha, “bitta pasport — bitta chipta” tamoyili kassalardagi chiptalar taqchilligiga qarshi kurashishga yordam beradi.

U 15 dollar pora evaziga Afrosiyob poyezdida ekonom-klass vagonidan VIP vagonga o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan gollandiyalik sayohatchi va bloger bilan sodir bo‘lgan voqeaga ham izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muammoni hal qilish uchun apgreyd tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

““Ya’ni ekonom klassda ketayotgan yo‘lovchi biznes klassda joy borligini ko‘rsa, o‘sha yerning o‘zida biznes klassning pulini to‘lab, qonun doirasida shu joyga kiraveradi. U to‘lagan pul esa budjetga, soliqqa tushaveradi. Endilikda rasman shu narsani joriy etamiz. Bu — ham bir foyda”, — dedi u.

Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yildan boshlab tezyurar va tezyurar yo‘lovchi poyezdlari uchun chiptalar narxini davlat tomonidan tartibga solishni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Tariflar bozor tamoyillari asosida belgilanadi.

sentabr oyida prezident yig‘ilishda temir yo‘l sohasini isloh qilish zarurligini ma’lum qilgan edi. Temir yo‘l korxonalarining rentabelligi pastligi, vagon parkining bir qismi ta’mir va yangilanishga muhtojligi, xususiy sektorning sohada ishtirok etishi uchun imkoniyatlar yaratilmagani, chiptalar sotish va xizmat ko‘rsatish sharoitlaridagi korrupsiya holatlaridan aholi noroziligini ta’kidladi.