Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklandi. Oldin bu uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mas’ul edi. Mazkur vazirlik mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha vakolatlarini saqlab qoladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • yagona sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish;
  • hududlarning tabiiy xomashyo, mehnat resurslarini va “nisbiy ustunliklarini” inobatga olgan holda sanoatni rivojlantirishga turtki beradigan yo‘nalishlarni belgilash va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
  • sanoatning bazaviy tarmoqlari, jumladan neft-gaz, energetika, kimyo, tog‘-kon, mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikatsiya qilish hamda ularni isloh qilish strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish;
  • resurslarning tarmoqlararo va hududlar bo‘yicha mutanosib ravishda taqsimlanishini hamda infratuzilmaning o‘zaro muvozanatlashgan rivojlanishini ta’minlash;
  • tegishli vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning iste’mol balansini shakllantirish va monitoring qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish;
  • sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligini, energiya va boshqa ishlab chiqarish resurslari tejamkorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda operatsion samaradorlikni oshirishda zamonaviy mexanizm va yondashuvlarning qo‘llanishi bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
  • muhim sanoat mahsulotlari bo‘yicha bozor kon’yunkturasini o‘rganish asosida tegishli mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish va narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish hamda sanoat korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha taklif va choralar ishlab chiqish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga sanoatni rivojlantirish bo‘yicha berilayotgan vakolatlarni inobatga olgan holda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosarlariga qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov endilikda global iqtisodiy-moliyaviy vaziyatni va bozor kon’yunkturasini tahlil qilish asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarga ta’siri bo‘yicha xatarlarni baholash hamda ularning salbiy ta’sirini yumshatish va oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirishga, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida soha, tarmoq va hududlar kesimida manzilli prognoz parametrlarini shakllantirish uchun ham javobgar bo‘ladi.

Vazir o‘rinbosari Bobur Xodjayevga quyidagi vazifalar yuklandi:

  • sanoat siyosatini ishlab chiqish va uning amalga oshirilishini tashkil etishga mas’ul etib belgilagan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarma va bo‘linmalarining sanoatni rivojlantirish yo‘nalishidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • yirik tarmoq korxonalari va hududlarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini monitoring qilish hamda prognoz ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rib borish;
  • bazaviy sanoat tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish, ularda mahsulot va xizmat tannarxini pasaytirish, moliyaviy barqarorligini va operatsion samaradorligini oshirish;
  • Energetika vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini isloh qilish va rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida tarif siyosatini tahlil qilish va takomillashtirish choralarini ko‘rish;

Vazir o‘rinbosari Aziz Boboyevga hududlarda sanoatni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish, sanoat zonalari va yangi ishga tushiriladigan yirik korxonalarning infratuzilma bilan ta’minlanganlik holatini tahlil qilish va ularni moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi topshirildi.

2023-yil iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilgan “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK oradan uch oy ham o‘tmay yana Iqtisodiyot va moliya vazirligiga qaytarilmoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatining 45 ta shtat birligi ham Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilayotgani hisobiga qisqarmoqda.

Viloyat, shahar va tumanlarning iqtisodiyot va moliya boshqarmalari va bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyotning resurslar bilan ta’minlanganini tahlil qilish yig‘ma bo‘limlari tashkil etiladi. Mazkur yig‘ma bo‘limlar shtat birliklarini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hududiy bo‘linmalarida tegishli shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Loyiha ofisi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun, istisno tariqasida, xalqaro konsalting kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat etiladi.

Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta ichida mazkur farmondan kelib chiqqan holda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi faoliyatini qayta tashkil etish yuzasidan prezident farmoni loyihasini kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.

Avgust oyi boshida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga qaytgan Sherzod Kudbiyev o‘rniga iqtisodiyot va moliya vaziri etib tayinlangandi. Ikki hafta o‘tgach, Shavkat Mirziyoyev Prezident administratsiyasi rahbari lavozimini tugatdi (Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi) va Prezident administratsiyasi tuzilmasidagi o‘zgartirishlarni tasdiqladi.

Shundan so‘ng Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023−2025-yillarda isloh qilish va ish samaradorligini oshirish maqsadida davlat ulushiga ega 31 ta yirik korxonaning ulushlarini o‘z balansiga qaytardi. Shuningdek, vazirlik 9 ta bank ulushini ham o‘z boshqaruviga oldi.