Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakillari 11-oktabr kuni “Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbga tayyorlash bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi munosabati bilan Termizga tashrif buyurdi, deya xabar berdi YeI va BMTTD matbuot xizmatlari “Gazeta.uz”ga.

Loyihaning o‘zi 2022-yilda Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarolari uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini yaratish, yoshlar va ayollarga alohida e’tibor qaratish maqsadida boshlangan edi. Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbus uchun 1 mln yevro ajratdi, BMTTD esa uni amalga oshirmoqda.

Loyiha natijasida 330 dan ortiq afg‘on fuqarolari tahsil oldi, u, shuningdek, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi (ECTAC) salohiyatini mustahkamladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 400 nafar talabani mahalliy va jahon miqyosida, jumladan, Afg‘onistonda ham talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘qitishni qo‘llab-quvvatlaydi. Eng yaxshi talabalar o‘qishni davom ettirishlari, biznesni boshqarish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari va o‘z g‘oyalarini real daromadga aylantirish uchun kichik grantlar sohibiga aylanishlari mumkin.

“Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlash tarafdori va biz Surxondaryo viloyatida vaqtincha istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston hukumati, Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolari uchun ta’lim markazi va BMTTD bilan hamkorlikni davom ettirish imkoniyatidan mamnunmiz”, — deya ta’kidladi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlot Adrian.

“Ikkinchi bosqich doirasida amalga oshirilayotgan tashabbus nafaqat afg‘on fuqarolariga qo‘shimcha ta’lim va kasb-hunar ta’limi olish imkoniyatini beradi, balki shu orqali ularning turmush tarzini qo‘llab-quvvatlaydi, ularning O‘zbekistonda bo‘lishini yanada xavfsiz va barqaror qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Biz afg‘on fuqarolariga ishchi kuchida muvaffaqiyat kaliti bo‘lgan va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan amaliy ko‘nikma va bilimlar bilan ta’minlash bo‘yicha loyihamizning missiyasini kengaytirmoqdamiz, — dedi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Fayyad Karman. — Bu Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlikni rivojlantirishga ham xizmat qiladi”.

Tashrif davomida YeI va BMTTD delegatsiyasi a’zolari ECTAC xodimlari va afg‘onistonlik talabalar bilan uchrashib, ular bilan loyihaning borishini muhokama qildilar hamda hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Tashrif davomida missiya a’zolari Termiz shahri va Sho‘rchi tumanidagi Davlat xizmatlari markazlari (DXM), shuningdek, Sho‘rchi tumanidagi aholi zich yashaydigan “Guliston” mahallasida joylashgan O‘zbekistonda birinchi noyob o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish burchagi bilan ham tanishdilar.

O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish burchagi O‘zbekiston Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMTTDning “O‘zbekiston qishloq joylarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni yaxshilash va boshqaruv darajasini oshirish” (IPSD) qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, u yerda odamlar interaktiv sensorli stend yordamida davlat xizmatlarini mustaqil ravishda olishlari mumkin.

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi DXM IPSD loyihasi doirasida tajriba maydonlari sifatida tanlangan yetti markazdan biri hisoblanadi. U jihozlar (serverlar, shaxsiy kompyuterlar, tarmoq va telekommunikatsiya qurilmalari, videokuzatuv qurilmalari, foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini bildiruvchi qurilmalar va boshqalar), fuqarolar uchun qulay kutish zonasi va konditsioner tizimi bilan jihozlangan.

2021-yil oktabridan 2023-yil iyuniga qadar Sho‘rchin tumani DXM qoshidagi xotin-qizlar maslahat guruhlari mutaxassislariga 1781 nafar fuqaro, jumladan, 639 nafar ayollar, 257 nafar erkak, 435 nafar yoshlar, 79 nafar keksalar, 36 nafar nogironlar murojaat qildi. Ularning barchasiga davlat xizmatlari haqida batafsil ma’lumot berildi, shuningdek, davlat xizmatlarini onlayn tarzda olishda ko‘mak berildi. 533 nafar fuqaroga huquqiy, psixologik, ijtimoiy va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi.