O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov diplomatik missiyasini yakunlamoqda. 12-oktabr kuni u Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lord Tariq Ahmad bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosari elchiga “ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi ochiq, konstruktiv va do‘stona munosabatlarni” rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi", — deyiladi xabarda.

Tariq Ahmad so‘nggi yillarda faollashib, yangi mazmun bilan to‘ldirilayotgan ikki tomonlama muloqot dinamikasini yuqori baholadi.

U O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va modernizatsiyani olqishlab, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Elchi va Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligining bugungi kun tartibi va uni kengaytirish istiqbollarini ham muhokama qildi.

Said Rustamov 2019-yil oktabr oyida Buyuk Britaniyadagi elchi lavozimiga kirishgan edi. Bungacha u Isroildagi elchixonaga, Tashqi ishlar vazirligining qator bo‘limlariga rahbarlik qilgan, AQShdagi elchi o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri yordamchisi bo‘lgan.