17-oktabr kuni soat 17:00 da O‘zbekiston davlat san’at muzeyida Tashkent Modernism.Index ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rgazma birinchi marta aprel oyida Milan shahrida taqdim etilgan. O‘shanda Toshkent modernizmi haqidagi ko‘rgazmani 77 mingdan ortiq kishi tomosha qilgan.

Jamoatchilik Armin Linke tasvirga tushirgan fotosuratlar va modernistik yodgorliklarga oid tadqiqot talqinlari va ularni muhofaza qilish strategiyalarini kashf etuvchi arxiv hujjatlari bilan tanishgan, deyiladi xabarda.

Tashkent Modernism.Index taqdimoti Davlat san’at muzeyidagi sara to‘plamlardan iborat 1960−80 yillardagi qo‘shimcha arxiv hujjatlari va san’at asarlari bilan to‘ldirilib, tashrif buyuruvchilarga mazkur davr madaniyati va me’morchiligi bilan chuqurroq tanishish imkonini beradi.

Ko‘rgazma 20−31-oktabr kunlari soat 10:00 dan 19:00 gacha davom etadi va kirish bepul.