Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi “Umakay” yo‘l-patrul xizmati maskanida jizzaxlik tadbirkorning chigit ortilgan yuk mashinalarini olib o‘tishiga ruxsat berilmayapti. “Gazeta.uz”ga murojaat qilgan tadbirkor bu vaziyat viloyat hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Jizzax shahridagi paxta moyi, shrot va sheluxa ishlab chiqaruvchi “Paxtakor sifat yog” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona elektron birja savdolari orqali “Chiroqchi-klaster” va “Kitob ip yigiruv” AJ korxonalaridan jami 30 mlrd so‘m atrofidagi paxta chigiti sotib olgan.

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda zavod mas’uli Akmal Nuriyevning ta’kidlashicha, 9-oktabr kuni “Umakay” YPX maskanida 60 tonna chigit ortilgan yuk mashinasining belgilangan barcha hujjatlari — shartnoma, tovar-transport yuk xati, mahsulot sifat sertifikati (hujjat nusxalari tahririyatda mavjud) bo‘lishiga qaramay yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan hech qanday sabablarsiz to‘xtatib qolingan. Yuklar 5 kundan buyon asossiz ravishda ushlab turilmoqda, deydi tadbirkor.

“Postda mashina yurmaydi, to‘xtaydi, chiqishi mumkin emas, degan gaplar qilishdi. IIB xodimlari kelib tekshirishini aytishdi, lekin ular kelmadi. Nima uchun tekshirib o‘tirishganini so‘raganimizda javob bera olishmadi. Boshida viloyat hokimi yuklarni chiqarmaslik haqida og‘zaki buyruq berdi dedi, keyinroq esa IIB xodimlari buyrug‘i deyishdi. To‘lovlarini qilib bo‘lganmiz, mahsulotlarimizni olib chiqib keta olmayapmiz” — dedi Akmal Nuriyev.

tadbirkor, chigit ishи, қашқадарё viloyati hokimligi

Tadbirkor tahririyatga taqdim etgan videoda postda xizmat olib borayotgan, o‘zini Vahob Lutfullayev deb tanishtirgan YPX xodimi yuk mashinasi haydovchisini to‘xtatib, hujjatlarni tekshirmasdan orqaga qayrilib olishni buyurgan. Haydovchining aytishicha, qayrilishga imkoniyat bo‘lmagan va tirbandlik keltirib chiqarmaslik uchun 5 metrcha oldinga harakatlangan va yo‘l chetida to‘xtagan. YPX xodimi esa unga “qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlik” ayblovini qo‘ygan.

Qolaversa, u yukni chiqib ketishiga qarshilik qilgan. Biroq tadbirkor PPX xodimiga “yuk hujjatlarini ko‘rmasdan turib qanday qilib taqiq qo‘yishi mumkinligini” so‘raganda, xodim haydovchining harakatlarini ro‘kach qilishga o‘tgan. Hujjatlarni esa IIB xodimlari kelib belgilangan tartibda tekshirishi, “hammasi joyida bo‘lsa” keyin qo‘yib yuborishini ta’kidlagan.

“Shu bilan mashinamizni chiqarmadi, postda qoldi. Holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga ham, prezident portaliga ham murojaat qildik. [Chiroqchi] tumani hokimligidan telefon qilib, hal qila olmasliklarini, murojaatimizni viloyat [hokimligi]ga yuborganini, ular hal qilishini aytishdi, lekin hozirgacha hech kim telefon qilgani yo‘q”, — dedi zavod vakili.

“Mana havo yomonlashyapti, yomg‘ir boshlandi. Endi chigitning sorti buziladi, bu mahsulotimizga ta’sir qiladi, narxi tushib ketadi. Chigitni falon pulga sotib olib, zavodga olib kelgunimcha hamma narsasi buzilib, dabdala bo‘lsa, ertaga minusga kirib ketamanku?! Ishlab chiqarishim to‘xtab qolyapti, ishchilarga oylik berishim kerak. Zavod to‘xtab qolsa, oyliksiz qolishadi. Men ham tayyor mahsulotimni sotaman deb harakat qilyaman, bozorni ko‘rib turibiz, har kuni „o‘ynayapti“. Bu ish bilan 10 yildan ortiq shug‘ullanamiz. O‘tgan yili ham shu muammoaga uchragandik. Qashqadaryoda hali 30 mlrd so‘mlik 9,5 ming tonna yuklarimiz bor”, — dedi “Paxtakor sifat yog” MCHJ vakili Akmal Nuriyev.

“Gazeta.uz” holat yuzasidan Biznes ombudsman, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga so‘rov yuboradi.

Yangilanish: 13-oktabr kuni Biznes ombudsman matbuot xizmati yuqoridagi holat ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Bu birinchi marta emas

2020-yilning noyabrida Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarining og‘zaki ko‘rsatmasiga binoan postlardagi yo‘l patrul xizmati tomonidan paxta chigitini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishn taqiqlangandi. Antimonopoliya qo‘mitasining aralashuvidan so‘ng, taqiqlar olib tashlangan edi. Qo‘mita viloyat hokimliklari hamda ushbu viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalariga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.

2022-yilning yanvarida esa samarqandlik tadbirkor ham 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan olib chiqa olmagandi. Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qilgandi.

Biznes-ombudsman holat yuzasidan viloyat hokimligini “tadbirkorlarning huquqlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirgandi”. Hokimlik chigit to‘xtatib qolinganiga “texnik xatolik tufayli ta’minotchi korxona urug‘lik chigit berib yuborganligi”ni sabab qilib ko‘rsatgandi. Shundan so‘ng, samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi ma’lum qilingandi.

Antimonopoliya qo‘mitasi holatni o‘rganib, Qashqadaryo hokimligi va viloyat IIB tomonidan “Raqobat to‘g‘risida” gi qonunning 12-moddasi talablari buzilganini bildirgan. Qo‘mita tadbirkor zarar ko‘rgan holatda viloyat hokimligi va IIB ustidan sudga murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tgandi.