Yil oxirigacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va uning korxonalari negizida alohida kompaniyalar tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Tashkil etilayotgan kompaniyalar

“Temiryo‘linfratuzilma” AJ — yo‘l xo‘jaligi, elektr ta’minoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xo‘jaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini ta’minlash bo‘yicha;

“Temiryo‘lkargo” AJ — yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bo‘yicha;

“Temiryo‘lekspress” AJ — yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha;

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tarkibida vokzallar faoliyatini ta’minlash bo‘yicha “Temir yo‘l vokzallari” MCHJ va shahar atrofida yo‘lovchilar tashish bo‘yicha “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MCHJ;

“Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi — bolalar oromgohlari, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma’rifiy va sport obyektlarini saqlash bo‘yicha.

Yuqoridagi tashkilotlarning ta’sischisi (aksiyadori va egasi) “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Shuningdek, u o‘z tarkibidagi tashkilotlarga buxgalteriya hisobi, moliya, menejment, raqamlashtirish, xaridlar, kadrlar malakasini oshirish va boshqa sohalarda xizmatlar ko‘rsatadi.

O‘zgarishlar sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sarmoyalarni jalb etish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, xizmatlar sifati, xavfsizligi va ishonchliligini oshirishga qaratilgan, deyiladi hujjatda.

Prezident sentabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xolding kompaniyasiga aylantirilishini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, aholi poyezdlarda chiptalar sotish, sharoit va xizmat ko‘rsatishdagi korrupsiya holatlaridan norozi.

Iyul oyida prezident Xusnutdin Xosilovni “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari lavozimidan ozod etish haqida buyruq bergan edi. Zufar Narzullayev boshqaruv raisi v. b. bo‘ldi.

O‘sha prezident qarori bilan 2024-yildan boshlab tezyurar va tezyurar yo‘lovchi poyezdlari uchun chiptalar narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishi haqida yozgan edik. Tariflar bozor tamoyillari asosida belgilanadi.