Telegram`dagi Troll.uz kanalida chet ellik sayyohning “Afrosiyob” poyezdida ekonom klassdan vip klassga joyini o‘zgaritirish uchun poyezd boshlig‘iga qo‘shimcha pul bergani haqida video e’lon qilindi.

Unda erkak poyezdning ekonom klassdagi o‘rnini 10 dollarga sotib olgani, yana 15 dollar to‘lasa, joyi vip klassga o‘zgartirib berilishi taklif qilingani va bunga rozi bo‘lgani haqida gapirgan.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirarkan, voqea 6-iyul kuni bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 10-iyul kuni poyezd boshlig‘i mazkur holat sababli lavozimidan ozod etilgan. Vagon kuzatuvchilariga “bu kabi hodisalar qaytarilmasligi bo‘yicha tegishli yo‘riqnomalar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan”.

“Hozirgi kunda yuqori tezlikda harakatlanuvchi „Afrosiyob“ elektropoyezdlarining barchasida ishchi guruh tomonidan tekshiruv amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 20-oktabrdan mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tariladi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 100 foizga oshiriladi.