O‘zbekistonda kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqaruvchilarning mamlakatdagi vakili — Quramax Medical MCHJ vakillari ishlab chiqaruvchining dorixonalarda qolayotgan boshqa dorilari sotilishiga ruxsat so‘radi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

O‘zbekistonda Marion Biotech kompaniyasining barcha turdagi dorilari savdosi 2022-yilning 30-dekabrdan to‘xtatilgan.

6-oktabr kuni “Dok-1 Maks” sudining navbatdagi majlisida hindistonlik sudlanuvchining advokati Davron Ahmadov Sog‘liqni saqlash vazirligiga rasmiy xat bilan murojaat qilib, ishlab chiqaruvchining “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilaridan boshqa dorilarining sotilishiga ruxsat so‘raganini bildirdi.

“Biz advokatlik so‘rovi bilan vazirlikka murojaat qilib, ishlab chiqaruvchining 10 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi borligini, ayni paytda MCHJ ishlamayotganini, faoliyati to‘xtatilganini, ammo qarzdorliklari yuzaga kelganini aytib, ishlab chiqaruvchining dorixonalarda qolayotgan boshqa dorilari sotilishiga ruxsat so‘rayapmiz. Vazirlik Quramax Medical MCHJning guvohnomasi yo‘q, degan javobni bermoqda. Shu masalaga e’tibor qaratib, yordam berilishini so‘raymiz”, — degan advokat.

Davron Ahmadovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi dorixonalarda ishlab chiqaruvchilarning 50 turdan ortiq, qiymati 28 milliard so‘mlik dorilari bor va ularning sifatsizligi, sog‘liq uchun zararli ekanini tasdiqlovchi faktlar yo‘q.

Nashrning yozishicha, bu holat sudda ham ko‘rib chiqilgan. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi MCHJning barcha dorilari sifatsiz, sog‘liq uchun zararli, ularni yo‘q qilish kerak, degan da’vo bilan sudga murojaat qilgan. Dastlabki instansiya ushbu talabni qondirib, hindistonlik ishlab chiqaruvchilarning nafaqat “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarini, balki barcha dorilarini yo‘q qilish haqida qaror chiqargan. Shundan so‘ng bunga e’tiroz bildirilib, apellyatsiya tartibida shikoyat qilingan.

“Apellyatsiya instansiyasi ham birinchi instansiya qarorini ma’qulladi. Shundan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat qilib, yana huquqimizni himoya qildik. Sudda mas’ullarning faqatgina „Dok-1 Maks“ va „Ambronol“ dorilarining iste’mol uchun yaroqsizligini tasdiqlovchi hujjatlari borligini, boshqa dorilarning sifatsizligini, iste’mol uchun yaroqsizligini isbotlovchi hujjatlar yo‘qligini bildirdik. Sud buni inobatga olib, ishlab chiqaruvchilarning boshqa dorilari sotilishiga ruxsat berdi. Ammo vazirlik Quramax Medical MCHJning guvohnomasi yo‘q deb, O‘zbekistondagi mavjud dorixonalarda qolayotgan dorilar sotilishiga ruxsat bermayapti”, — deydi advokat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, advokatlik so‘rovlariga vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova rad javobini bermoqda.

Avgust oyida “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudda ayblanuvchi xindistonlik tadbirkor yaroqsiz va hujjatlari shubhali “Kuraraks” dorisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari uchun mas’ul davlat tashkilotida ishlovchi amaldorga 33 ming dollar berganini tan olgandi.

“Dok-1 Maks” dori vositasini sotish esa o‘sha yilning 22-dekabrida to‘xtatilgandi. 2023-yil 13-yanvarda esa “Quramax Medisal”ning litsenziyasi bekor qilingan. Mart oyida esa Hindistondagi “Dok-1 Maks” siropi ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi litsenziyadan mahrum qilingan.