Jahon banki 2023 va 2024-yil uchun O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozini yaxshiladi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha 5-oktabr kuni e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2023-yilda 5,5 foizga yaqinlashishi (iyun oyidagi prognozga nisbatan +0,4 foiz punkt) va o‘rta muddatli istiqbolda asta-sekin tezlashib, 2024 va 2025-yillarda mos ravishda 5,6 va 5,8 foizga yetishi mumkiniligi aytilgan (+0,2 foiz punkt).

2023-yilda iste’mol darajasi o‘sishi sekinlashadi, bu Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi bilan bog‘liq.

2023-yilda import o‘sishi tezlashishi kutilmoqda. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sur’atlarini saqlab qolish uchun uning hajmi o‘rta muddatli istiqbolda o‘sishda davom etadi.

Pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi bilan mamlakatning joriy hisobi defitsiti birinchi yarim yillikda 6,3 foizga yetdi va o‘sishda davom etadi.

Energetika sohasiga yuqori xarajatlar, davlat sektorida ta’lim, ish haqi, pensiya va nafaqalarga ko‘proq xarajat qilinishi hamda daromadlarning kamayishi hisobiga 2023-yilda budjet taqchilligi YAIMning 5 foizigacha oshishi prognoz qilingan.

Kutilmalarga ko‘ra, 2023-yilda inflyatsiya darajasi 10,2 foiz (2022-yilda — 11,4 foiz), 2024-yilda — 10 foiz va 2024-yilda — 9,9 foizni tashkil etadi.

Hukumat o‘rta muddatli istiqbolda budjetni konsolidatsiyalashi, budjet taqchilligini 2024-yilda yalpi ichki mahsulotning 4 foizigacha, 2025-yilda esa 3,6 foizigacha kamaytirishi kutilmoqda. Bu davlat korxonalari uchun soliq imtiyozlarini qisqartirish, energetik subsidiyalar xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan moliyaviy tushumlarning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Hukumat, shuningdek, tashqi qarz olish bo‘yicha o‘z cheklovlariga rioya qilishi kutilmoqda. Shu sababli davlat qarzi 2023-yilda yalpi ichki mahsulotning 36 foizigacha o‘sadi va 2024-yilda 36,6 foizni tashkil etadi.

Hukumatning ijtimoiy himoya dasturlari kengayganiga qaramay, pul o‘tkazmalari va shaxsiy iste’mol darajasi o‘sishining sekinlashishi O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirishda erishilishi kutilgan natijalarni cheklab qo‘yishi mumkin. 2023-yilda aholi o‘rtasida kambag‘allik darajasi biroz pasayishi prognoz qilinmoqda — 13,9 foizgacha.

Bu prognozga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan risklarga Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi, yuqori tashqi inflyatsiya bosimi va kutilganidan qattiqroq global moliyaviy sharoitlar kiradi.

Iqtisodiyot uchun potensial ijobiy trendlar qatoriga oltin, tabiiy gaz va misning jahon narxlari yuqoriligi (O‘zbekiston ushbu tovarlar eksportchisi hisoblanadi), shuningdek, strukturaviy islohotlar natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida unumdorlikning o‘sishi tezlashishi kiradi.

2023-yilda Markaziy Osiyoda o‘sish sur’ati 4,8 foizgacha tezlashishi, inflyatsiya sekinlashishi ehtimolini inobatga olib, 2024 va 2025-yillarda o‘sish o‘rtacha 4,7 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Savdo hajmining o‘sishi, pul oqimlarining ko‘payishi va fuqarolarning qaytishi bir qator mamlakatlarda, ayniqsa Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlarida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Armaniston, Gruziya va Tojikiston ketma-ket ikkinchi yil bu mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda.

jahon banki, iqtisodiy prognoz